Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempion bo‘lgan O‘zbekiston jamoasi 11 avgust kuni Toshkentga qaytib keldi. Ular Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, marosimda bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, shaxmatchilarga prezident tabrigini yetkazdi va ularga mukofotlarini topshirdi.


Xususan, olimpiada g‘olibi bo‘lgan erkaklar jamoasi vakillari — Jahongir Vohidov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yakubboyev, Javohir Sindorov va Shamsiddin Vohidovlarga 600 mln so‘mdan pul mukofoti berildi. Qolaversa, g‘oliblarning har biriga Equinox avtomobili prezident sovg‘asi sifatida taqdim etildi.


Shaxmatchilar o‘z taassurotlari bilan bo‘lishganda, 27 yoshli Jahongir Vohidov hal qiluvchi turdagi bahsdan ko‘ra, prezident bilan suhbatda ko‘proq hayajonlanganini ta’kidladi.

«Hal qiluvchi o‘yindan ko‘ra prezidentimiz bilan suhbatlashganda ko‘proq hayajonlandim. Shaxsan o‘zlari qo‘ng‘iroq qilganlaridan boshimiz ko‘kka yetdi. Bu — shaxmatga berilayotgan e’tibordan darak», — deya ta’kidlagan u.


Eslatib o‘tamiz, butunjahon shaxmat olimpiadasining final bahsida O‘zbekiston jamoasi Niderlandiya terma jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etib, turnir chempioni bo‘ldi. Ayollar termasi esa 162 jamoa orasida 31-o‘rinni egalladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilarni telefon orqali tabriklab, «tarixda juda katta iz qoldirganliklarini» ta’kidladi.