Sirdaryo viloyati markazidan Tojikiston orqali Qo‘qon shahriga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Aytilishicha, tez kunda Guliston shahrini Tojikiston orqali Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi “Guliston — Qo‘qon” viloyatlararo-shaharlararo yo‘nalishida avtobuslar yura boshlaydi. Ushbu yo‘nalishning masofasi 264,3 kilometr bo‘lib, yo‘l haqi 50 (ellik) ming so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Qatnovlar har ikki tarafdan kuniga bir marta amalga oshiriladi. Guliston shahridan jo‘naydigan avtobus “Xovosobod” hamda Farg‘ona viloyati yaqinidagi “Andarxon” chegara bojxona postlari orqali Qo‘qon shahriga yetib boradi.

Avtobuslar Tojikiston hududida yo‘lovchilarni tushirishi va olishi mumkin emas. Yo‘lovchilarda esa xorijga chiqish pasporti bo‘lishi talab etiladi.