Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2021 yilning avgustdan 2022 yilning iyulgacha bo‘lgan davr uchun Toshkent shahrida uy-joy narxlari o‘zgarishini tahlil qildi.

Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdi shartnomalari soni 2022 yil 7 oyida salkam 49 mingtani tashkil etdi (bu Respublika bo‘yicha tuzilgan bitimlarning 27% degani) va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (48,3 mingta) deyarli o‘zgarmadi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2022 yilning iyul oyida Toshkent shahrida eski uylar narxlari 2021 yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 12 foizga, yangi uylar esa 8,3 foizga oshdi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, joriy yil may oyidan beri birlamchi bozorda ham (1 kv.m uchun maydagi $943,6 dan iyulda $919,9 ga), ikkilamchi bozorda ham ($891,1 dan $882,6 ga) narxlar tushib kelmoqda.

Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Mirzo-Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida uylar narxlari Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha narxidan (yangi uylar — 1 kv.m uchun $957,2, eski uylar — $888,3) yuqori. Eng past narxlar esa Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatildi.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning 6 oyi davomida davlat dasturlari doirasida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari uy-joy bozorida faollikning saqlanib qolishiga katta xizmat qilgan.

Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozorida uy-joyga bo‘lgan talab deyarli o‘zgarishsiz qolgan bir paytda narxlarning oshishi qurilish kompaniyalari va mulk egalarining inflyatsiya va so‘m almashinuv kursi bo‘yicha kutilmalari bilan izohlanishi mumkin.

Uy-joy narxlarining jiddiy oshishi boshqa davlatlarda ham kuzatildi. Masalan, Buyuk Britaniyada uy-joy narxlari joriy yil iyun oyida yillik 10,7 foizga oshgan va mazkur oyda yillik inflyatsiya 9,4 foizga yetgan. Bu shundan dalolat beradiki, ko‘chmas mulk bozorida narxlar inflyatsiya kutilmalariga tezda reaksiya qiladi.

Global House Price Index ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori inflyatsiya va ipoteka foiz stavkalarining ko‘tarilishi aholining uy-joy sotib olish imkoniyatlarini cheklagan bo‘lishiga qaramay, 2022 yil birinchi choragida dunyoning 56 mamlakatida uy-joy narxlari o‘rtacha 10,2 foizga oshgan. Narxlarning o‘sishi global o‘zgarishlar natijasida pul oqimlarining ko‘chmas mulk bozoriga yo‘naltirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.