Rossiyalik bojxonachilar O‘zbekistondan Novorossiysk portiga kelgan konteynerda bir tonnadan ortiq isiriq (garmala) borligini aniqladi. Bu yerdan u quruq yo‘l bilan Yaqin Sharq davlatlaridan biriga yuborilishi kerak edi, deb xabar berdi «Kuban 24» telekanali.

Konteynerda isiriqdan tashqari, quritilgan mevalar, namatak, idish-tovoq va zig‘ir yog‘i ham bo‘lgan.

«Bojxona ko‘rigidan o‘tkazish chog‘ida keyingi o‘rganishlar uchun quritilgan o‘simlikdan namunalar oldik. Ekspertiza shuni ko‘rsatdiki, „harmala“ ko‘p yillik o‘simligi tarkibida Rossiya Federatsiyasida nazorat qilinadigan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari ro‘yxatiga kiritilgan „harmin“ giyohvandlik moddasi bor», — dedi Novorossiysk bojxona posti boshlig‘i v.b. Vadim Pronin.

Kontrabanda fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Yuboruvchi umrbod qamoq jazosi va million rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.