O‘zbekistonda yer osti chuchuk suvlari uchun quduqlar burg‘ilash va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma berishga moratoriy joriy etish taklif qilinmoqda. Davlat geologiya qo‘mitasi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi va u 16 avgustga qadar davom etadi.

Yangi tartib 2022 yil 1 avgustdan boshlab yer osti suvlari darajasi pasaygan hududlarda joriy etilishi mumkin. Gap Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tumanlaridagi hududlar haqida bormoqda.

Shu bilan birga, suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlarda yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan suv tejovchi texnologiyalarsiz yerlarni sug‘orish taqiqlanadi (tasdiqlangan davlat dasturlari doirasidagi burg‘ilash ishlari bundan mustasno).

Loyihada ushbu hududlarda ichimlikdan tashqari maqsadlarda suv hisoblash vositalarisiz yer osti suvlaridan olinganda soliq to‘lovi belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yer osti suvlariga quduq burg‘ilash uchun ruxsatnoma olish tartibini bekor qilish va uning o‘rniga faqat yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga sertifikat berish tartibi joriy etish taklif etilmoqda. Ular burg‘ilash uskunalarini GPS-treker qurilmalari bilan jihozlashi va doimo ularni ishchi holatda saqlashi talab qilinadi.

Yer osti suvlariga quduqlarni «qo‘lbola» burg‘ilash uskunalari bilan qazish qat’iy taqiqlanadi. Agar ushbu holatlar tegishli nazorat organi tomonidan aniqlanganda burg‘ilash uskunalarini musodara qilish yuzasidan sudga murojaat kiritiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, hozirda markazlashgan ichimlik suv ta’minotining 67 foizi yer osti suvlari hisobiga amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatda qishloq xo‘jaligi va sanoatni jadal rivojlantirish yer osti suvlariga extiyojning keskin ortishiga olib kelib, bu o‘z navbatida suv resurslaridan oqilona foydalanish tizimini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Xususan, bugungi kunda ayrim hududlardagi yer osti suvlari sathining ko‘p yillik o‘rtacha me’yordan 5 metr va undan ortiq pasayib, ular resurslarining kamayib ketishi kuzatilmoqda.

Shuningdek, sohaga oid ruxsat beruvchi tartib-tamoyillar keskin soddalashtirilganiga qaramasdan, so‘nggi yillarda Davlat geologiya qo‘mitasining hududiy gidrogeologiya stansiyalari tomonidan 1 200 dan ortiq yer osti suvlariga ruxsatsiz burg‘ilash va ulardan foydalanish holatlari aniqlangan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yer usti va yer osti suvlari darajasining keskin pasayishi ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahrida yer osti suvlari sathi 7 metrga, Jizzax va G‘allaorol tumanida esa 4 metrgacha pasaygan.

Davlat geologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov Toshkent shahrida 5−10 foiz archalar quriy boshlaganini ma’lum qildi. Uning taxminiga ko‘ra, bu shahardagi yer osti suvlari darajasining pasayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, 1600 ta quduqga bo‘lgan ehtiyoj masalasi ham o‘rganiladi, ularning qurilishi haqida hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev aytib o‘tgan.