O‘zbekiston prezidenti 9 avgust kuni «Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda prezident Administratsiyasiga yaqin bo‘lgan Nigoh Telegram-kanali xabar bermoqda.

Hujjat bilan Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Bundan tashqari, 2022−2025 yillarda qon bilan ishlash xizmati muassasalarini jihozlash parametrlari hamda Aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari ham qabul qilindi.

Hujjat bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab:

  • «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo‘la beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1,5 mln so‘mdan — 4,5 mln so‘mgacha) oshiriladi;

Qolaversa, shu sanadan «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:

  • ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqish;
  • shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
  • davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish.

Bundan tashqari, doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush o‘rtog‘ining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tug‘ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta’minlanadi.

Donorlarni bepul ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha xarajatlarning qiymati respublika bo‘yicha bir xil — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi.

Immun donorlarga o‘tkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq to‘lash miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining (920 ming so‘m) oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi.

Shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.