FNQIZ xodimasi Sanobarxon Haydarova 2 avgust kuni korxonaga kirish joyida o‘zining ustiga benzin quyib, yoqib yuborgandi. Zavod matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berishicha u 10 avgust kuni shifoxonada vafot etdi.

Sanobarxon Haydarova zavodning 32-sonli sexi 1-ta’mirlash va qurilish uchastkasining 2-toifali malyari lavozimida ishlagan. Voqea sodir bo‘lgan kuni ertalab u korxonaga kirish joyida o‘zining ustiga o‘t qo‘yishi natijasida 70 foizlik kuyish tan jarohatini olgandi. Korxona shu kuni xodimning yonida ruxsatnomasi bo‘lmaganligi uchun ishga kiritilmaganini ma’lum qilgandi.

Sakkiz kun davomida u shifokorlarning doimiy nazorati ostida bo‘lgan, ammo ular ayolni qutqarib qola olmadi. 10 avgust kuni soat 7: 00 atrofida ayolning umumiy ahvoli yomonlashdi, qon bosimi va pulsi yo‘qoldi. Shifokorlar reanimatsiya choralarini boshlashgan, biroq soat 7: 05 da biologik o‘lim holati qayd etildi.

FNQIZ rahbariyati Sanobarxon Haydarovaning qarindoshlariga hamdardlik bildirib, dafn marosimini o‘tkazish uchun barcha xarajatlarni qoplashini ma’lum qildi. Zavod, shuningdek, ayolning voyaga yetmagan bolalariga ta’lim xarajatlarini qoplash uchun moddiy yordam to‘lashni o‘z zimmasiga oladi va agar zarur bo‘lsa, ish bilan ta’minlashda amaliy yordam beradi.