Seshanba kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani jinoyat ishlari bo‘yicha ochiq sudida Instagram ijtimoiy tarmog‘ida Asalhoney nomi bilan tanilgan bloger Asal Xodjayevaning o‘ldirilishida gumonlangan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi. Sud majlisi tafsilotlarini UzReport ma’lum qildi.

Ish hujjatlarida keltirilishicha, sudlanuvchi Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi, (1997 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan) K. Sh. 2021 yil yozida Asal Xodjayeva bilan internet orqali tanishib, “300 dollar evaziga ma’lum xizmatlarni ko‘rsatishga kelishib olgan”.

Kerakli miqdordagi pulni topa olmay, 2022 yil fevral oyida u yana “iltimosi bilan” unga murojaat qiladi. Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, Asalhoney uni “onasi sha’niga tegadigan haqoratli so‘zlar bilan kamsitgan va bu shafqatsiz qotillik rejasini tuzishga asos bo‘lgan”.

18 mart kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasidagi uylardan birida Asal Xodjayevaning jasadi topilgandi. Qizning jasadida zo‘ravonlik belgilari topilgan.

O‘sha kecha uni o‘ldirgan yigit qotillik bilan cheklanmay, xonadondan jami 31,1 mln so‘m pul va boshqa qimmatbaho buyumlarni o‘g‘rilab ketgan.

Ayblovchi tomon sudlanuvchini 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etishni so‘radi. Advokat uning onasi sog‘lig‘i, yigitda astma borligi, shuningdek, qilmishidan chin dildan pushaymonligini inobatga olib, chorani yumshatishni so‘radi.

Sud qarori bilan K. Sh. Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari: 97 (qasddan odam o‘ldirish) va 164 (talonchilik)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga nisbatan 16,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukm ustidan u e’lon qilingan kundan boshlab 20 kun ichida Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati va protesti berish mumkin.