8 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining «Oqila ayollar» harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [437-con] qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjat bilan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining davlat va uning hududiy tuzilmalarida doimiy faoliyat yurituvchi «Oqila ayollar» harakati jamoatchilik tuzilmasi tashkil etildi.

Harakatning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish, ezgu g‘oyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas an’analarni singdirishga qaratilgan tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish;
  • mahallalarda oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati, ibratli ota-ona bo‘lishning ahamiyati, ma’rifatli jamiyatni qurishda ma’rifatli onalarning rolini keng targ‘ib qilish;
  • ayollar, ayniqsa, yosh qizlarda oilaga va Vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik tuyg‘ularini singdirish, «odobli qiz» va «ma’rifatli ona» qiyofasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • farzand, ayniqsa, qizlar tarbiyasi, oila, onalar ma’naviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib etish, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashish;
  • yoshlar o‘rtasida oilaviy-xuquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va budjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida bo‘lish masalalarini hamda «Oila — muqaddas» tushunchasini keng targ‘ib qilish;
  • xotin-qizlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, ularga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqchil tilda tushintirish.

Harakat, qoida tariqasida, Qo‘mitada — 50 nafar, tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalarida — 35−40 nafardan, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarida — 30 nafardan faol va tashabbuskor ayollardan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Bunda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan har bir mahallada 15 nafar faol va tashabbuskor ayollardan iborat harakatning boshlang‘ich guruhlari tashkil etiladi. Boshlang‘ich guruh yetakchisi Harakat tarkibiga kiritilgan faol va tashabbuskor ayollar ichidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

Harakat va uning boshlang‘ich guruhlari tarkibiga kiritilgan faol va tashabbuskor ayollar «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, farzand tarbiyasi, oila va xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirish yo‘nalishida amalga oshirgan ishlarining natijadorligiga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan rag‘batlantirib boriladi.

Faol va tashabbuskor ayollar faoliyati natijalari bo‘yicha davlat mukofotlari, «Mo‘’tabar ayol», «Mahalla iftixori», «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni va boshqa esdalik, ko‘krak nishonlari, idoraviy mukofotlarga tavsiya etilishi, shu jumladan, sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar olishi mumkin bo‘ladi.

1 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda «Oqila ayollar» harakatini tashkil etishni taklif qilgandi.

«Bu harakat tom ma’noda «mahallaning vijdoni»ga aylanishi kerak. Chunki, ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi. Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurish, jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish haqida gapirar ekanmiz, bu ishlarni oila, onalar ma’naviyati bilan uzviy amalga oshirishimiz zarur», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.