XTV rahbarining yangi o‘quv yilidan yagona maktab formasi majburiy bo‘lmasligi haqidagi bayonoti hukumat qarori bilan tasdiqlab qo‘yiladi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov 8 avgust kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Vazirlar Mahkamasi qarori chiqishining ma’lum protsedurasi bor. Men ham vazir sifatida hukumat a’zosi hisoblanaman. Ham vazir, ham hukumat a’zosi sifatida o‘sha bayonotni qildim. Bu albatta, keng jamoatchilikning xohish-irodasi, tahlillar va vaziyatdan kelib chiqib, qilingan bayonot edi», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining maktab formasiga oid qaroriga o‘zgartirish kiritish kutilmoqda.

«Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasini tayyorlab, kiritib, uni chiqarish uchun ma’lum vaqt talab qiladi. Bayonotda aytilgan gaplar ham Vazirlar Mahkamasiga boshqa qarorlar loyihasi kiritilganda, albatta, o‘z aksini topadi. Bu ishlar qilinib bo‘lingan, yaqinda bu haqda eshitasizlar, deb o‘ylayman. Ya’ni bu qonuniy tusga ega bo‘lib, hujjatda ham aks etadi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov 27 iyul, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda yangi o‘quv yilidan boshlab yagona maktab formasi majburiy bo‘lmasligini aytgandi.

Unga ko‘ra, moslashuv jarayoni uchun ma’lum vaqt kerakligini inobatga olib, yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.

«Yangi o‘quv yili 2022 yil sentabr oyidan boshlab ota-onalar yagona formani xarid qilishiga majburiy talab qo‘yilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga nisbatan hech qanday e’tirozlar bildirilmaydi», — degan edi u.

Maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish bo‘yicha maktab ma’muriyati majbur etolmaydi va bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, vazirlik maktablarda o‘qituvchilar uchun yagona forma talabi joriy etilmaganini ham ma’lum qilgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda joriy o‘quv yilidan boshlab o‘qituvchilar uchun ham yagona forma joriy etilayotganligi haqida hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqalmoqda. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘qituvchilar uchun bunday talab joriy etilmaganligini, bu oddiy „feyk“ xabar ekanligini qat’iy ta’kidlab o‘tmoqchiman», — degandi Baxtiyor Saidov.

Qolaversa, o‘quvchi-qizlarga maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishlari man etilmaydi. Shuningdek, yubka va kofta yenglarining uzunligi borasida ham ayrim tushunmovchiliklar bo‘lmoqda, deya ta’kidlan edi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab formasi uchun tasdiqlangan o‘lchamlarda eng minimal uzunlik belgilangan. Ya’ni o‘quvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan o‘lchamdan kalta bo‘lishi mumkin emas.

Shuningdek, hokimliklar tomonidan kam ta’minlangan oilalarga mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hamda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga ko‘mak berilishi qayd etilgan.

19 may kuni Hukumat 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uchun yagona maktab formasini to‘liq joriy etishga qaror qildi. Dastlab, buni 2019 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan edi, ammo jamoatchilik noroziligi tufayli muddat 2024 yilga qoldirilgandi. Kam ta’minlangan oilalarga formani xarid qilishga ko‘maklashiladi.