Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 avgust kuni xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bugungi kunda O‘zbekiston mahsulotlari xorijga, asosan, 9 ta transport yo‘lagi orqali tashiladi. Taqdimotda har bir transport yo‘lagi bo‘yicha dolzarb masalalar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

«Transport sohasini rivojlantirish iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun muhim zamin. Transportda yuk tashish tannarxi past bo‘lsa, ham eksport, ham investitsiya ko‘payadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Transport vazirligiga tadbirkorlar uchun eng maqbul yo‘llarni taklif etish va ularning transport xarajatlarini qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Yevropaga eksport yuklarini tashish uchun qo‘shimcha ruxsatlar olish muhimligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, haydovchilar uchun Shengen vizasini olishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish va ularning malakasini oshirish rejalashtirilgan.

«Yevropaga transport xarajatlari har bir konteyner uchun 3500 dollardan 10 ming dollargacha oshdi. Yuklarni tashish muddati 20 kundan 35 kungacha uzaydi. Bu katta xarajatlar va vaqt», — dedi prezident.

Avtomobilda yuk tashish uchun Pokiston va Turkmaniston bilan qo‘shma transport kompaniyalari tashkil etish taklifi bildirildi.

«Qo‘ng‘irot-Beynov» xalqaro avtomobil yo‘li rekonstruksiyasini jadallashtirish, yuk vagoni ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga solish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov taqdimotida aytilishicha, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yuk tashish muddatlari 2−3 kungacha, transport xarajatlari esa 10 foizgacha qisqartiriladi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon 50 mingta yangi korxona tashkil topgan, eksportyorlar soni 7 ming 500 dan oshgan. Eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravarga ko‘payib, 8 milliard 200 million dollarga yetgan.

Xabar qilinishicha, bu yil mamlakat mahsulotlari 32 ta yangi bozorlarga kirib bordi. Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha ishlar ham jadallashmoqda.

Yuklarni tashish tannarxining o‘sishini hisobga olgan holda, davlat tomonidan eksportyorlarga xarajatlarning qisman qoplanishi uchun 170 mlrd so‘m ajratildi. Bundan tashqari, Yevropaga tayyor mahsulot eksport qiluvchi korxonalar uchun transport xarajatlari uchun subsidiya miqdori 50 foizdan 70 foizga oshirildi.

Mart oyida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov ba’zi eksportyorlar dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar tufayli boshqa transport yo‘laklaridan foydalanishga majbur bo‘lganligi sababli transport-logistika xarajatlarini oshirgani haqida ma’lum qilgandi. Shu munosabat bilan Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi transport xarajatlari uchun kompensatsiya miqdorini oshirdi, O‘zbekiston ham boshqa davlatlar bilan yuk tashish xarajatlari va chegirmalarini kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Qozog‘iston bilan shakar va bug‘doyni temir yo‘l orqali tashish narxini 30 foizgacha kamaytirishga kelishib olindi.

Prezident 2021 yil aprel oyida O‘zbekiston hali ham Rossiya yoki Qozog‘iston orqali mahsulot eksport qilishga majbur ekanligi haqida ma’lum qilgan edi. Transafg‘on temir yo‘li qurilgach, mamlakat eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, qo‘shni davlatlar esa O‘zbekiston mahsulotlarining tranziti uchun tariflarni pasaytiradi.

Bir necha kun avval Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.