3 avgust kuni soat 12:00 lar atrofida 4K-237 G‘allaorol-Qo‘ytosh avtomobil yo‘lining G‘allaorol tumani «Ko‘kbuloq» QFY hududidan o‘tgan 10-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Jizzax viloyati IIB matbuot xizmatining 8 avgust kuni xabar berishicha, G‘allaorol tumani «Baxt» MFYda yashovchi (1986 y.t.) Cobalt haydovchisi Qo‘ytosh yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotib, yo‘lning o‘ng tomonida velosiped boshqarib ketayotgan (2014 y.t.) bola va uning (2016 y.t.) singlisini urib yuborgan.

Hodisa oqibatida «Ko‘kbuloq» QFYga qarashli Chayonli qishlog‘ida yashagan sakkiz yoshli bola og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Uning singlisi esa (chap chanoq yopiq sinishi, qorin bo‘shlig‘i shikastlanishi tashxisi bilan) tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.