Bugun, 9 avgust kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Toshkent shahrida o‘tkaziladigan ekologik reydga start berildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ekologiya, Milliy gvardiya, ichki ishlar xodimlaridan iborat Ekopatrul inspektorlariga hududlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar atroflicha tushuntirildi.


Ekologik reydlar jarayonida «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun talablarining bajarilishini ta’minlash, shuningdek aholining ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish borasida targ‘ibot va tashviqot ishlarining ham olib borilishi yuzasidan zaruriy tavsiyalar berildi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, reyd oldindan rejalashtirilgan bo‘lib, uning davomida «Ekopatrullar hududlarga bo‘linib, yo‘nalishlar kesimida butun shahar o‘rganilib chiqiladi».


Kun davomida qilinadigan ishlar rejalashtirilib, ekologik nazorat reyd tadbirlarini samarali bir tarzda o‘tkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 6 avgust kuni Toshkentda ko‘chani kengaytirish va «obodonlashtirish» bo‘yicha qabul qilingan navbatdagi qaror natijasida 100 ga yaqin ko‘p yillik daraxtga zarar yetkazilgandi. Buning ortidan prezident topshirig‘iga asosan Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov ishdan bo‘shatildi. Qolaversa, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berildi.