O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Kurbanov Toshkentga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston mudofaa vaziri Sherali Mirzo boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda nafaqat siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda, balki mudofaa va xavfsizlik sohalarida ham o‘zbek-tojik munosabatlarining holati, ularni kengaytirish choralari hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama etildi.


Muhokamalardan so‘ng Tojikiston harbiy xizmatchilarini O‘zbekiston oliy harbiy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini tashkillashtirish borasida qo‘shimcha shartnoma imzolandi.

Shundan so‘ng, mehmonlar O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Kurbanov hamrohligida O‘zbekiston mudofaasini boshqarish milliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Eslatib o‘tamiz, 4 avgust kuni Termizda O‘zbekiston va Tojikistonning «Hamdo‘stlik-2022» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlangandi.