2022 yil 5 avgust kuni Uzauto Motors oddiy aksiyalari «Toshkent» Respublika fond birjasining kotirovkalash varag‘iga (birja listingiga) kiritildi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Jamiyat aksiyalarining fond bozorida ommaviy taklif orqali (IPO) joylashtirilishini amalga oshirish 2022 yil IV yoki 2023 yil I choragida rejalashtirilgan.

Shu maqsadda, 2022 yil 15 aprel sanasida jamiyat tomonidan aksiyalarni fond bozorida ommaviy joylashtirishni tashkillashtiruvchi anderrayterlarni tanlab olish bo‘yicha rasmiy tender e’lon qilindi. Tender natijasiga ko‘ra, Freedom Finance MCHJ investitsiya vositachisi boshchiligidagi anderrayterlar konsorsiumi g‘olib deb topildi va 2022 yil 7 iyul sanasida shartnoma imzolandi.

Prezidentning 2022 yil 17 yanvardagi [PQ-90-son] qarori bilan Uzauto Motors aksiyalarini IPO`ga joylashtirilishi belgilangandi.

Ma’lumot o‘rnida, IPO (Initial Public Offering), bu — kompaniya aksiyalarining birlamchi bozorga chiqarilishidir. Ya’ni, aksiyalar keng ommaga taklif etiladi.

Listing — kompaniyalar aksiyalarini birjada sotiladigan aksiyalar ro‘yxatiga kiritish. Aksiyalarning kotirovkalash varag‘iga kiritilishi chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar birjada ekspert tekshiruvlaridan muvaffaqiyatli o‘tganligini va ularni savdoga qo‘yish mumkinligini anglatadi. Bu jarayon aksiyalar to‘liq muomalaga kiritilishidan oldin amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil aprel oyida Uzauto Motors AJ tomonidan 300 mln AQSh dollari miqdoridagi 5 yillik xalqaro obligatsiyalari 4,85 foiz kupon stavkasi bilan London fond birjasida muvaffaqiyatli joylashtirilgan.