«Hududgazta’minot» iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qaroriga izoh berdi. Bir kun avval «Gazeta.uz» ushbu hujjat haqida yozgan edi.

Qayd etilishicha, «Hududgazta’minot» 2022 yilning oktabr oyiga qadar yer uchastkalarida joylashgan hamda markaziy issiqlik ta’minotiga ulanmagan ko‘p qavatli uylarda «aqlli» gaz hisoblash uskunlarini o‘rnatish yakunlanishi kerak.

Shuningdek, Navoiy va Buxoro viloyatlarida hamda Toshkent shahrida markaziy issiqlik ta’minotiga ulangan hamda tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lmagan 11,5 ming ko‘p qavatli uylarda elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish rejalashtirilgan.

«Mazkur qaror xonadonlarga hisobdonlarning o‘rnatilishi noqulayligi va tabiiy gazdan kam iste’mol qilinishini qayd etgan fuqarolarning murojaatlari va takliflarini inobatga olgan holda qabul qilindi», — deya qayd etadi «Hududgazta’minot».

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab 396 mingdan ortiq xonadonda bittadan gaz plitasi o‘rnatilgan bo‘lib, ularning gaz iste’mol hajmi oyiga 5 kubometrdan 27 kubometrgacha tashkil etadi.

«Shunga asoslanib, ko‘p qavatli uylarning umumiy iste’mol hajmini monitoring qilish uchun gaz hisoblagichlar uylarning kirish qismidagi umumiy gaz quvurlariga yoki iste’molchi iltimosiga binoan xonadon ichiga o‘rnatib beriladi. Yangi hisoblagichni o‘rnatishni istamagan taqdirda esa, iste’molchi eski turdagi hisoblagichni tekshiruvdan o‘tkazib foydalanishi yoki xonadonda yashovchi fuqarolar soniga qarab tabiiy gaz uchun to‘lovni amalga oshirishi mumkin», — deya ta’kidladi «Hududgazta’minot».

Qarorda iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berishni «gaz taqsimlash stansiyasi — tuman (shahar) chegarasi — yirik uchastkalarning kirish qismi — iste’molchi» texnologik zanjiri asosida tuman (shahar)lar chegarasidagi quvurlarga 1,8 mingta elektron hisoblagichlarni o‘rnatilishi va «onlayn» monitoring qilish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimni ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan.

Qarorda belgilangan vazifalarga muvofiq, keyingi uch yil davomida 706,5 mingta xonadonda ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimini joriy etilishi va iste’molchilarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz hajmlarining balansini avtomatik ravishda shakllantiruvchi dasturiy ta’minot joriy etilishi rejalashtirilgan.

381,3 km yangi gaz quvurlari quriladi va 452,4 km gaz quvurlari mukammal ta’mirlanadi va rekonstruksiya qilinadi. Shu bilan birga, 5,4 mingta gaz taqsimlash punktlarini modernizatsiya qilish, shundan 2,8 mingta yuqori bosimli obyektlarda telemetriya tizimini joriy etish hamda gaz taqsimlash tarmoqlarining bo‘linish chegarasiga yuqori aniqlikdagi ultratovushli gaz hisoblagichlarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

«Gaz ta’minoti tizimida keng ko‘lamli yangilanish jarayonlari 30 yildan ortiq foydalanishda bo‘lgan hamda eskirgan gaz tarmoqlari va taqsimlash punktlarini modernizatsiya qilish imkonini beradi, — deya qayd etdi „Hududgazta’minot“. — Bu, o‘z navbatida, tabiiy gazni barqaror va bir me’yorda yetkazib berish, tabiiy gaz hisob-kitobini yuritishda noaniqliklarni bartaraf etish hamda uskunalarning texnologik jarayonlarini real vaqt rejimida, onlayn nazorat qilishga ta’sir qiladi».

Hukumat qarorida texnik sabablarga ko‘ra nazorat qilish imkoniyati cheklangan gaz tarmoqlari xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan, deya qo‘shimcha qildi kompaniya. Shu maqsadda, yer osti va yer usti gaz quvurlarining texnik jarayonlarini tahlil qilish hamda gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash uchun 2 dona uchuvchisiz uchish apparati (dron), georadar va masofaviy gaz detektorlar, 5 dona mobil laboratoriya xarid qilinadi.

«Sohani texnologik modernizatsiya qilish bilan birga, nosozliklarni operativ ravishda bartaraf etish uchun mas’ul bo‘lgan chilangarlar faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish rejalashtirilgan. Yaqin kelajakda ularni zamonaviy elektroskuterlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan va bu ularning ish samaradorligini uch-to‘rt baravar oshiradi», — qayd etdi «Hududgazta’minot».

Mamlakatdagi gaz tarmoqlarining rekonstruksiyasi va modernizatsiyasiga qaratilgan investitsiya loyihasi butun gaz ta’minoti sohasini yangilash jarayonini yakunlaydi va iste’molchilarga tabiiy gazni o‘z vaqtida, yuqori sifatda va uzluksiz yetkazib berishni ta’minlaydi, deya xulosa qiladi kompaniya.