Ijtimoiy tarmoqlarda 30 iyul kuni Qashqadaryo viloyati Nishon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Boboqulov o‘zi boshqargan (70 040 DAV) xizmat mashinasida piyodani urib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holatga Qashqadaryo viloyati IIB munosabat bildirib, voqea 30 iyul kuni soat taxminan 23:50 larda xalqaro ahamiyatdagi A-380 avtomobil yo‘lining 12 kilometrida sodir bo‘lgan.

Erkin Boboqulov. Foto: Nishon tuman hokimligi.

«Qarshi tumani „Taxtapul“ MFY hududida haydovchi B.E. (Boboqulov Erkin) boshqaruvida bo‘lgan „Lacetti“ rusumli avtomashina bilan yo‘lni piyodalar o‘tishi uchun mo‘ljallanmagan joyidan kesib o‘tayotgan fuqaro Y.A.ni urib yuborgan», — deyiladi xabarda.

Tarmoqlarda tarqalgan Qarshi tuman IIB boshlig‘i N.Ovlayevning Qashqadaryo viloyat IIB boshlig‘i Sh. Satvoldiyevga bergan ma’lumotnomasida YTH ishtirokchilari bir-biriga notanish bo‘lganligi va piyoda shifoxonaga shaxsi noma’lum murda sifatida olib borilgani qayd etilgan.

Murda biometrik identifikatsion bazadan tekshirilganda «Aralovul» MFYda yashovchi 1973 yilda tug‘ilgan Akrom Yo‘ldoshev ekanligi aniqlangan.

Viloyat IIB xabarida esa, piyoda Y.A. tan jarohati olib shifoxonada vafot etganligi aytilgan

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu modda doirasida gumondor muayyan huquqdan mahrum qilib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi tuman prokuraturasi tomonidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.