7 avgust kuni Konyada (Turkiya) bo‘lib o‘tayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi ikkita medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz»ga Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Ayollar o‘rtasidagi guruh bahslarida Olga Zabelinskaya eng yaxshi natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yanina Kuskova ikkinchi o‘rinni egallab, terma jamoa hisobiga kumush medalni keltirdi.

Avvalroq Yanina Kuskova trekdagi yakkakurash dasturida kumush, Aleksey Fomovskiy shu yo‘nalishda bronza, Sofiya Karimova guruh bellashuvlarining skretch yo‘nalishida bronza medalni qo‘lga kiritgan edi.

Shu tariqa, terma jamoa hisobidagi medallar soni beshtaga yetdi.

Islom birdamligi o‘yinlari 18 avgustga qadar davom etadi. Musobaqa davomida dunyoning 55 davlati vakillari bilan bir qatorda 265 nafar mahalliy sportchi ham chiqish qiladi.