Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Uzpaynet» MCHJ ustav fondidagi 100% davlat aksiya paketlarini sotish rejasi haqida e’lon berdi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu bitim doirasida ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi xususiylashtirish bo‘yicha yetakchi maslahatchisi sifatida tanlangan.

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan raqobat muhiti asosida tashkil etiladi. Talabgorlar qiziqish bildirishi to‘g‘risidagi ariza lar 2022 yil 7 sentabr soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.

Kompaniya haqida

«Uzpaynet» MCHJ — Paynet to‘lov tizimining operatori hisoblanadi. Unga 2005 yilda tadbirkor Botir Arifjonov asos solgan, biroq, oradan ozroq vaqt o‘tib uni davlatga sotib, kompaniyadan ham ketdi.

Hozirda tizim 390 dan ortiq turdagi xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda. Shu jumladan, Paynet.uz mobil ilovasi orqali barcha kommunal to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Kompaniyaning respublika bo‘yicha 21 000 ta to‘lov punktlari xizmat ko‘rsatmoqda. Har kuni 1,3 milliondan ortiq foydalanuvchi Paynet tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshiradi.

2021 yil yakuni bo‘yicha ustav kapitali 378,5 mln so‘mni, sof aktivlari — 71,8 mlrd so‘mni, sof foydasi esa — 94,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, kompaniyaning hususiylashtirish jarayoniga tayyorgarlik ishlari joriy yilning may oyida boshlangandi.