O‘zbekistonda bu hafta kuchli issiq kutilmaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

Dushanbadan jumagacha O‘zbekiston hududi bo‘yicha avgust oyi uchun nisbatan qulay ob-havo sharoiti saqlanib turadi. Quruq va biroz issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat respublikaning ayrim tog‘li hududlarida momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Havo harorati kunduz kunlari asosan +31…+34 daraja atrofida bo‘ladi. Bu avgust oyining birinchi yarmi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan biroz pastdir. Faqat haftaning oxiriga kelib, harorat +35…+38 darajagacha ko‘tariladi.

Respublikaning janubida va cho‘l zonalarida ayrim kunlarda ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha chang-to‘zonlar bilan kuchayishi ehtimoli bor.

8 avgustda Namangan, Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin, deyiladi xabarda.