5 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining «Respublika iste’molchilarini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Norma.uz.

Hujjatga muvofiq, gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish hamda mavjud quvvatlardan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida 2022 yil oktabr oyida hududlarda yer uchastkalarida joylashgan hamda markaziy issiqlik ta’minotiga ulanmagan ko‘p qavatli uylarda «Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» loyihasi to‘liq joriy etilishi va billing tizimi to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, may oyida «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Baxodir Eshmuratovning ma’lum qilishicha, smart-gaz hisoblagichlarini o‘rnatish ishlarini sentabr oyiga qadar yakunlanishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi.

Dastlab buni 2021 yil 1 avgustgacha bajarish rejalashtirilgan edi, muddatlar bir necha bor orqaga surildi. May oyi holatiga ko‘ra, xususiy uylarning 97,7 foizi va xonadonlarning 53 foiziga hisobga olish uskunalari o‘rnatilgan.

Qarorga ko‘ra, Navoiy va Buxoro viloyatlarida hamda Toshkent shahrida markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan hamda tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lmagan 11,5 mingta ko‘p qavatli uylarda elektron gaz hisoblagichlar ushbu uylarning kirish qismidagi umumiy gaz quvurlariga o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berishni «gaz taqsimlash stansiyasi — tuman (shahar) chegarasi — yirik uchastkalarning kirish qismi — iste’molchi» texnologik zanjiri asosida 1800 ta elektron hisoblagichni o‘rnatish va monitoring qilish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizim ishga tushiriladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2022−2024 yillarda respublika hududlaridagi yer uchastkalarida joylashgan aholi xonadonlarining gaz ta’minoti tizimini ikki bosqichli tizimga o‘tkazishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
  • 2022 yilda «Hududgazta’minot» AJ tizimidagi gaz tarmoqlarining geoaxborot tizimini joriy etish bo‘yicha qurilmalarning elektron topografik xaritasi va atributiv ma’lumotlarini shakllantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
  • 2022−2024 yillarda «Hududgazta’minot» AJning gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlarining maqsadli ko‘rsatkichlari;
  • Gaz ta’minoti tizimidagi xodimlarning xorijiy davlatlar ixtisoslashgan kompaniyalari va markazlarida malakasini oshirish, korporativ boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi».