Sharifa Davronova yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi JCHda g‘alaba qozondi

Kolumbiyaning Kali shahrida yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi (U20) jahon chempionatida 15 yoshli Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida (14,02 m) g‘alaba qozondi. Undan keyingi o‘rinlarni Fransiya (13,38 m) va Avstraliya (13,30 m) vakillari egalladi.

2026 yilgi shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkaziladi

2026 yilgi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkaziladi. «Missiya bajarildi, janob prezident», — deb yozdi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari Alisher Sa’dullayev.

Moratoriy davrida Farg‘onada 87 tupdan ortiq daraxt kesib tashlandi

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida Elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari 48 tup archa, 9 tup shumtol va 30 tupdan ortiq mevali daraxt noqonuniy kesib tashlagani aniqlandi. Ekoqo‘mita bu orqali o‘simlik dunyosiga 856,5 mln so‘m zarar yetkazilganini ma’lum qildi. Hujjatlar to‘planib, prokuraturaga yuborildi.

PMTI internet va mobil aloqaning rivojlanishi ishsizlikni qanday kamaytirishini o‘rgandi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tahlili shuni ko‘rsatdiki, keng polosali internetni rivojlantirish va asosiy uyali aloqa stansiyalari qurilishi ishsizlikni kamaytirishga yordam beradi.

OTMga kirish testlarining birinchi kunidanoq telefondan foydalangan abituriyent aniqlandi

Farg‘ona viloyatida OTMga kirish imtihonlarining birinchi kunidanoq telefondan foydalangani uchun abituriyent testdan chetlatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa raqami ko‘rinmagan test topshiriqlari kitobining rasmlari tarqaldi. DTM holat nazorat ostida ekaniga ishontirmoqda.

Bu hafta kuchli issiq kutilmaydi — O‘zgidromet

Hafta davomida +34 darajadan yuqori bo‘lmagan quruq va nisbatan qulay ob-havo sharoiti saqlanib turadi, faqat dam olish kunlari harorat +38 darajagacha ko‘tariladi. Tog‘li hududlarda esa momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘adi.

Nishon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari xizmat mashinasida piyodani urib yubordi

Nishon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Boboqulov tungi vaqtda o‘zining boshqaruvida bo‘lgan xizmat mashinasida piyodani urib yubordi. Buning oqibatida jabrlanuvchi vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, gumondorning aybi sudda o‘z tasdig‘ini topsa, 7 yilgacha qamalishi mumkin.

O‘zbekiston velosport jamoasi Islom birdamligi o‘yinlarida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi

Konya shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston velosportchilari beshta sovrinni qo‘lga kiritdi. Olga Zabelinskaya oltin, Yanina Kuskova ikkita kumush, Aleksey Fomovskiy va Sofiya Karimova bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Paynet to‘lov tizimini xususiylashtirish jarayoni boshlandi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Uzpaynet» MCHJ ustav kapitalidagi davlatning 100 foizlik aksiyasi sotilayotganini e’lon qildi. Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi tanlandi.

Toshkentdagi YTHda ikki kishi halok bo‘ldi

Toshkentning Mirobod tumanida 7 avgust kuni ikki avtomobil to‘qnashib ketdi. Ikki kishi halok bo‘ldi, uch kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi.

O‘zbekiston MDHda yengil avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchiga aylandi

Ukrainadagi mojarolar ortidan sanksiyalar ostida qolgan Rossiyada yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi yil boshidan beri keskin tushib ketdi. Buning natijasida O‘zbekiston mashina ishlab chiqarishda MDH mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi, deya qayd etdi «PromReyting» tadqiqotchilari.

Buxoro viloyatidagi yana beshta maktab ichimlik suvi bilan ta’minlandi

«Zamin» fondi tomonidan Buxoro viloyatidagi yana beshta umumta’lim maktabi ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Buxoro viloyatining Peshku va Jondor tumanlarida maktablar joylashgan hududdagi aholi ham suvdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

MB iste’molchilar huquqlarini buzgani uchun 13 ta bankning 100 dan ortiq xodimini jazoladi

Markaziy bank iste’molchi huquqlarini buzgani uchun 13 ta bankka ko‘rsatma berdi va 101 nafar bank xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘lladi.

Gaz hisoblagichlarni o‘rnatishni oktabr oyiga qadar yakunlash rejalashtirilmoqda

Navoiy va Buxoro viloyatlarida hamda Toshkent shahrida markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan hamda tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lmagan 11,5 mingta ko‘p qavatli uylarda elektron gaz hisoblagichlar ushbu uylarning kirish qismidagi umumiy gaz quvurlariga o‘rnatiladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Chilonzor ko‘chasini toraytirishga qaror qilindi. «Gazeta.uz» loyihani aholi bilan muhokama qilishni taklif etadi

Toshkent hokimligi Chilonzor ko‘chasi loyihasini qayta ko‘rib chiqib, yo‘laklar sonini 6 tadan 4 taga qisqartirish, ortib qolgan joyni yashil hududga aylantirishga qaror qildi. «Gazeta.uz» shoshmaslik, mutaxassislarni jalb qilish va aholini tinglashni taklif qiladi.

«Xalqaro olimpiada — bolani qiynovchi emas, o‘zini ko‘rsatishga imkoniyat beradigan maydon» — Aziza Abduvaliyeva

2021 yilda Xalqaro biologiya olimpiadasida oltin, 2022 yilda bronza medallarini qo‘lga kiritgan Aziza Abduvaliyeva «Gazeta.uz» bilan suhbatda «xalqaro olimpiada — bolaga o‘zini ko‘rsatish uchun maydon» ekanini aytdi. Shuningdek, biologiyani o‘rganishdagi muammolar, olimpiadadagi ishtiroki haqida so‘zlab berdi.