Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida yirik miqdordagi kredit mablag‘lari maqsadsiz sarflanganligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berdi.

Toshkent viloyati Qibray tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro D.X. «F.L.» MCHJ rahbari T.ning ishonchiga kirib, MCHJga o‘g‘li K.X.ni ta’sischi sifatida ishga kiritgan. Shu orqali korxonaning 350 mln so‘mlik ishlab chiqarish uskunalarini o‘g‘lining nomiga o‘tkazib olganligi, 3,5 mlrd so‘m kredit evaziga olingan tovarlarni ishlab chiqarish uchun ishlatmasdan naqd pulga sotib yuborib, kredit mablag‘ini o‘zlashtirishish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shu kabi holat Surxondaryo viloyatida ham qayd etildi. Jarqo‘rg‘on tumanida «O.B.» fermer xo‘jaligiga limonchilik faoliyatini rivojlantirish uchun zamonaviy issiqxona tashkil etishga 90 000 AQSh dollari kredit ajratilgan bo‘lgan. Xo‘jalik rahbari X.M. mablag‘ni o‘zi norasmiy boshqarib kelgan «S.T.» MCHJga o‘tkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilgan, deyiladi xabarda.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.