2022 yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston Rossiyaga nisbatan ko‘proq yengil avtomobil ishlab chiqardi va MDH avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Bunga asosan Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar o‘tkazayotgani hamda butlovchi qismlarni yetkazishdagi uzilishlar sabab bo‘ldi. Bu haqda «PromReyting» mustaqil tadqiqot agentligi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 9 ta hamdo‘stlikka a’zo mamlakatning beshtasida o‘zining avtomobil sanoati mavjud. Reytingni tuzishda agentlik 2021 yil va 2022 yilning birinchi yarmiga oid ma’lumotlarni hisobga olgan.

So‘nggi oylarda jahon siyosati va iqtisodiyotidagi vaziyat keskin o‘zgargani sababli bu yilgi statistika o‘z ichida ayrim kutilmagan holatlarni qamrab olgan, deb ogohlantiradi tadqiqot mualliflari.

MDH tarkibiga — Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Ozarbayjon, Moldaviya, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. 9 ta davlat aholisining umumiy soni — 250 mln kishi atrofida, ya’ni umumiy iqtisodiy makon bilan umumlashtirilmagan ulkan bozor. Sanab o‘tilgan mamlakatlardan faqat dastlabki beshtasi yagona bojxona va iqtisodiy makon sharoitida ish olib boradi, boisi ular boshqa mintaqaviy integratsiya tashkiloti — YeOIIga a’zo hisoblanadi.

Rivojlangan avtomobil sanoati SSSR davridan boshlab Rossiya va Belarusda tarixan shakllangan. So‘nggi 25 yil ichida O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham yirik avtosanoat korxonalari noldan barpo etildi. Shuningdek, Belarusda yengil avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi yillarda Ozarbayjonda kichik avto yig‘ish korxonalari paydo bo‘ldi.


«Shu o‘rinda qayd etish kerakki, — ta’kidlanadi tadqiqotda, — so‘nggi yillarda Qozog‘istonning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi bir vaqtning o‘zida bir nechta biznesini yopib tang vaziyatga tushib qoldi. Hozirda yetakchilik maqomi AZIA AVTOdan SarыarkaAvtoPromga o‘tdi. Vaziyatni odatiy deb bo‘lmaydi. Biz bunday yirik mojarolar va biznesning bo‘linishidan ancha chiqib qolganmiz. Har holda to‘qsoninchi yillar emas…», — deyiladi tahlilda.

Shuningdek, AVTOVAZning Ijevsk maydonchasidagi «osilib turgan» holatni ham aytib o‘tish kerak. Tadqiqot o‘tkazilish vaqtida media makonida Lada Vesta`ning ishlab chiqarilishi Ijevskdan Tolyattiga ko‘chirish ehtimoli haqida xabarlar tarqaldi.

Beshta mamlakatda 2021 yil yakunlariga ko‘ra yengil va yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish hajmlari nisbati quyidagicha:

  1. Rossiya — 1,4 mln avto;
  2. O‘zbekiston — 236 ming;
  3. Qozog‘iston — 93 ming (yuk mashinalari va avtobuslar bilan birga);
  4. Belarus - 35 mingga yaqin;
  5. Ozarbayjon — 2 ming.

2021 yil yakunlariga ko‘ra, MDHda yengil va yengil tijorat avtomobillari yirik ishlab chiqaruvchilari Top-10 taligi qo‘yidagicha ko‘rinishga ega:

  1. AVTOVAZ (Tolyatti va Ijevsk, Rossiya) — 430 ming;
  2. UzAuto Motors (Asaka va Xorazm, O‘zbekiston) — 236 ming;
  3. Hyundai Motor Manufacturing Rus (Sestroretsk, Rossiya) — 234 ming;
  4. Avtotor (Kaliningrad, Rossiya) — 177 ming;
  5. Volkswagen Group Rus (Kaluga, Rossiya) — 118 ming;
  6. GAZ (Nijniy Novgorod, Rossiya) — 117−127 ming avto: 65−75 ming o‘z brendidagi yengil tijorat avtomobili (aniq ma’lumot yo‘q) + 52 ming yengil VW va Skoda avtomobili;
  7. Renault Rossiya (Moskva, Rossiya) — 88 ming;
  8. Toyota Motor Manufacturing Rus (Shusharы, Rossiya) — 81 ming;
  9. SarыarkaAvtoprom (Kostanay, Qozog‘iston) — 60 ming (yuk avtomobillari va avtobuslar bilan birga);
  10. Nissan Motor Manufacturing Rus (Sankt-Peterburg, Rossiya) — 45 ming.
«2022 yilning birinchi yarmida Yevroosiyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat ma’lum sabablarga ko‘ra keskin o‘zgardi. Ukrainadagi voqealar tufayli G‘arb fevral oxiridan buyon Rossiyani sanksiyalar bilan ayovsiz „bo‘g‘moqda“. Yevropa va Yaponiya kompaniyalarning aksariyat qismi noma’lum vaqtga RFdagi faoliyatini to‘xtatdi. Xorijdan butlovchi qismlarning to‘liq yetkazib berilmasligi oqibatida Rossiya kompaniyalariga tegishli avtozavodlarda normal avtomobil ishlab chiqish sur’ati izdan chiqdi», — deyiladi agentlik xabarida.

Rossiya avtosanoati yetakchisi AVTOVAZ — 2022 yilning yanvar-iyun oylarida avtomobil ishlab chiqarishga oid ma’lumotlarni oshkor qilmadi, ammo mustaqil ekspertlarning taxmin qilishicha, ko‘rsatilgan davrda kompaniya o‘zining ikkita avtozavodida jami 80 mingdan ko‘p bo‘lmagan mashinani yig‘di. Bunga komponentlarning yetib kelishidagi uzilishlar tufayli AVTOVAZ quvvatlari fevraldan iyulgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida asosan ishsiz turib qolishi sabab bo‘ldi.


Rossiyadagi Hyundai zavodi mart boshidan buyon siyosiy sabablarga ko‘ra ishlashdan to‘xtagan, biroq dastlabki ikki oy yakunlariga ko‘ra u 40 mingga yaqin mashinani sotuvchga chiqarishi mumkin edi.

2022 yil boshidan buyon RF hududidagi boshqa avtozavodlarda mashina ishlab chiqarish natijalariga oid ma’lumotlar juda kam.

Ishonch bilan aytish mumkinki, 2022 yil davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston avtozavodlari o‘z konveyerlarida mashina chiqarishni faol oshirib boradi, negaki ular ayni payda Rossiya va Belarusdagi korxonalar aziyat chekayotgan xalqaro cheklovlardan holi, deydi tahlilchilar.

Ta’kidlanishicha, UzAuto Motors to‘g‘ri investitsiya siyosatini olib bormoqda. Kompaniya o‘z ishlab chiqarish quvvatlarida GM GEM platformasidagi avtomobillarning ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish uchun 620 mln dollar sarmoya kiritdi. 2022 yilning iyulidan (bu inqirozning ayni avj pallasi ekanligini hisobga olish zarur) o‘zbek kompaniyasining Asaka shahridagi quvvatlarida eng yangi Chevrolet Tracker krossoverining ommaviy ishlab chiqarilishiga start berildi. 2023 yil boshida unga sedan Chevrolet Onix qo‘shiladi.

Tahlilchilarning ishonch bilan aytishicha, MDHdagi avtomobil ishlab chiqarish geografiyasi yaqin yillarda sezilarli darajada o‘zgarmaydi.