2022 yilning may-iyun oylarida Markaziy bankning bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan tijorat banklarida xizmatlar qonunchilikka muvofiq ko‘rsatilishiga doir navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi, deya xabar beriladi regulyator.

Tekshiruvlar 15 ta tijorat bankining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida hamda respublikaning bir qator viloyatlarida joylashgan 74 ta muassasasida bo‘lib o‘tdi.

Regulyatorning qayd etishicha, nazorat tadbirlari bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi kamchiliklarni aniqlashga va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga qaratilgan.

MB xizmati o‘rganishlari natijasida tijorat banklari muassasalari tomonidan iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda qator qoidabuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Jumladan, kredit va omonat xizmatlari haqida ma’lumotlar, shu bilan birga, kredit va muddatli omonatlarning asosiy shartlari to‘g‘risidagi axborot varaqalari taqdim etilmaganligi, shuningdek, bank kartalari egalariga ayrim moliyaviy operatsiyalar o‘tkazishda imkon yaratib berilmaganligi holatlari kuzatilgan.

Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha «Ipoteka-bank, «Agrobank», «Mikrokreditbank», «Xalq banki», «Turonbank», «Trastbank», «Kapitalbank», «Milliy bank», «Hamkorbank», «Asaka bank», «Universalbank», «Davrbank» va «Ipak yo‘li» bankiga bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish hamda bunday holatlar kelgusida takrorlanmasligi yuzasidan choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuborildi.

Shuningdek, tijorat banklari tomonidan qoidabuzarliklarni yo‘l qo‘yilishiga sababchi bo‘lgan 101 nafar bank xodimlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq intizomiy jazo choralari qo‘llanildi, deyiladi xabarda.

Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati iste’molchilar bank xizmatlari to‘g‘risidagi axborotlarni olishlari va xizmatdan foydalanish bo‘yicha oqilona qaror qabul qilishlari uchun tijorat banklarini mas’uliyatli kreditlash tamoyillariga muvofiq bank xizmatlarini to‘liq oshkor qilishga va ularning shartlarini batafsil tushuntirishga chaqiradi.