Iyun oyi boshlarida Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov ortidan budjetning 48,5 milliard so‘mini talon-taroj qilishda gumonlanib Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov ham hibcga olingani haqida yozgandik.

8 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov mazkur jinoyat ishi aslida vazirlik tashabbusi bilan fosh etilganini ma’lum qildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning ta’kidlashicha, Xalq ta’limi vazirligi korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash maqsadida tegishli organlar bilan ichki auditni yanada kuchaytirgan. Natijada 2020 yil boshida Andijonda 5,9 mlrd so‘m tanlon-tarojlik aniqlanib, hujjatlar prokuraturaga yuborilgan. O‘sha yilning noyabrida yana 25 mlrd so‘mlik o‘g‘rilik holati kuzatilgan.

Temur Komilov.

«Bitta viloyatda salkam 32 milliard so‘m mablag‘ o‘g‘rilanib, talon-taroj bo‘lgan. Biz o‘shanda hujjatlarni huquq tartibot organlariga taqdim qilganmiz. Shundan so‘ng, tegishli moliyaviy organlar qayta taftish qilgan. Ular tomonidan 33,8 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari noqonuniy sarflangani aniqlanib, ish sudga oshirilgan. Afsuski, Andijonda bu holat yana takrorlandi», — dedi Temur Komilov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 2021 yilning sentabrida vazirlik yana masofaviy tahlil o‘tkazgan va o‘zlashtirish alomati borligi aniqlangan. Bank siri sabab XTV Hisob palatasiga rasman murojaat qilgan.

«Hisob palatasi bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazilganda, 11 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ni plastik kartalar orqali o‘g‘rilash holati fosh bo‘ldi. Mazkur holat ham huquqiy baho berish uchun huquq tartibot organlariga taqdim etilgan. Ular o‘z vakolati doirasida tergov ishlarini amalga oshirdi», — dedi u.

Tergovda davlat moliyaviy nazorat organlari bilan birgalikda vazirlikning ichki audit xizmati mas’ullari ham bevosita ishtirok etgan.

«Hozirgi kunda tergov ishlari yakunlanib, uyushgan jinoiy guruh bo‘yicha ish sudga oshirilgan. Sud organlari belgilangan tartibda jarayon yakunlangach, bu haqda jamoatchilikka axborot e’lon qilishsa kerak. Qayd etish kerakki, amalga oshirilgan o‘g‘rilikni ochishga, shu holatni tizimdan yo‘q qilib tashlashga vazirlikning o‘zi tashabbus ko‘rsatgan», — deydi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» mazkur jinoyat ishi yuzasidan rasmiy e’lon qilingan xabarlarni e’lon qilgandi. Andijon shahar hokimi hisoblangan Bahrom Haydarovni 2017 yildan 2019 yil oktabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida moliyaviy jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanib, tergovga tortish masalasi ko‘tarilgan.

Shuningdek, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari 2018 yil noyabr oyidan 2020 yil noyabr oyiga qadar bir guruh shaxslar UzAsbo dasturiy majmuasiga ulangan buyurtmachilarning oylik ish haqlari hamda boshqa to‘lovlari bo‘yicha so‘rovnomalari va to‘lov topshiriqnomalarini soxtalashtirgan holda to‘lovga taqdim qilib, 48,5 mlrd so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aytilgandi.

«Ushbu holat yuzasidan 37 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi „a“ bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalar bilan ayblov e’lon qilinib, 32 nafar shaxsga nisbatan qamoq, 2 nafar shaxsga nisbatan uy qamog‘i va 3 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan 48,5 mlrd so‘mlik zararning atigi 11,2 mlrd so‘mi, ya’ni 23,1 foizi hozirga qadar undirilgan», — deyilgandi Bosh prokuratura ma’lumotida.