17 yoshli Aziza Abduvaliyeva 2021-yilda 32-Xalqaro biologiya olimpiadasida oltin, 2022-yilda esa bronza medalini qo‘lga kiritgan. “Gazeta.uz” yosh biolog bilan olimpiadalardagi ishtiroki, O‘zbekiston terma jamoasiga saralashlar, tayyorgarlik jarayonlari, xalqaro olimpiadada qanday imtihonlar bo‘lishi, xalqaro va O‘zbekiston olimpiadalari o‘rtasidagi farqlar, biologiyani chuqur o‘rganishda mamlakatda mavjud muammolar haqida suhbatlashdi.

Aziza Abduvaliyeva 2005-yil Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanida tug‘ilgan. Tumandagi 42-maktabda to‘qqiz yillik ta’limni olgach, 2020-yil TPI akademik litseyida o‘qishni boshladi. Aziza xalqaro miqyosdagi olimpiadalardan tashqari O‘zbekistondagi bir qator — 2019−2020-o‘quv yilidan o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi” hamda fan olimpiadalarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan. 2022-yilda esa Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasiga aylandi.

— Aziza, sizni yaqinda erishgan muvaffaqiyatingiz bilan tabriklayman. Xalqaro olimpiadalardagi ishtirokingiz qachon va qanday boshlangan?

— Rahmat. Akademik litseyning birinchi kursida o‘qiyotganimda biologiya fanidan xalqaro olimpiada borligini bildim va ishtirok etish niyati paydo bo‘ldi. O‘zbekistondagi uch bosqichli saralashdan o‘tib, terma jamoaga eng yosh ishtirokchi sifatida qabul qilindim. Pandemiya sabab olimpiada onlayn tarzda o‘tkazildi. 78 ta davlatdan jami 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashgan olimpiadada birinchi o‘rin bilan oltin medalni qo‘lga kiritdim. Xalqaro olimpiadadagi ilk qadamim ana shundan boshlangan.

Shu yili bo‘lib o‘tgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasi uchun O‘zbekistondagi saralashlar butun respublika bo‘ylab dekabr oyidan aprelga qadar uchta bosqichda bo‘ldi. To‘rtta o‘quvchi sinovlardan o‘tib, terma jamoaga qabul qilindik. Saralashdan o‘tganlar Ilg‘or texnologiyalar markazidagi mutaxassislardan dars olib, tajribalar o‘tkazdik. Bizni aynan shu joy pishitdi. Amaliy ishlar, tajribalarni ilk bor va chuqurroq shu markazda qilib ko‘rdik. Hatto Respublika saralashida nazariy savollarga qo‘shib amaliy savollarni ham qog‘ozda bajarganmiz.

Men uchun bu haqiqiy xalqaro olimpiada bo‘ldi deb ayta olaman. Oldingi yilda esa sinovlar onlayn ko‘rinishga moslashtirilgan bo‘lib, amaliy savollar olib tashlangan, faqat nazariylarigina qolgan edi. Bu yilgi oflayn olimpiadada umumiy 500 balldan 400 ball — amaliyotga, 100 ball esa — nazariy savollarga berilgan. Shuning uchun amaliy qism tayyorgarligiga ko‘proq e’tibor berish kerak bo‘lardi. 64 ta davlatdan jami 250 dan ortiq qatnashchi orasida uchinchi o‘rin bilan bronza medalini qo‘lga kiritdim.


— Respublika saralashlari hamda xalqaro olimpiada amaliy sinovlarining olinish tartibida nega bunday nomutanosiblik bor?

— Boshqa davlat vakillari bilan gaplashganimda ulardagi saralashlar ham xuddi xalqaro olimpiadanikidek bo‘lishini bildim. O‘zbekistondagi bu nomutanosiblikka esa saralashlardan oldingi jarayon — maktab yoki litseydagi biologiya darslarida amaliyotning kamligi yoki qo‘llanmasligi hamda ularning barchasida ham amaliy jihozlarning bo‘lavermasligi sabab deb o‘ylayman. O‘qish davomida amaliyot jihozlarini qo‘liga ham olib ko‘rmagan o‘quvchi qanday qilib saralashlarda ulardan foydalanib biror tajribani ko‘rsata olishi mumkin? Mening o‘zim ham bir yil oldin xalqaro olimpiadada birinchi o‘rinni olganimga qaramasdan, bu galgi saralashlardan keyingi tayyorgarliklarda amaliy jihozlarni boshqa o‘quvchilar singari birinchi marotaba ushlab, tajribalarni ham ilk marta qilib ko‘rgandim.

O‘zbekistondagi juda ko‘p maktablarda laborator xonalar, ulardagi jihozlanishlarni yaxshi deb o‘ylamayman. O‘zim o‘qigan maktabda hatto biologiya laboratoriyasi u yoqda tursin, fizika va kimyoniki o‘ta achinarli holatda edi. Biologiyani nazariy va amaliy qismlarga bo‘lishimiz mumkindir, lekin fizika va kimyoning boshdan-oxiri tajribalarga asoslangan. Ammo shu tajribalarni qilishning imkoni yo‘q. Qo‘lsiz, oyoqsiz fanga aylanib qolgan.

Yaqinda maktabimga borgandim. Men bitirib ketayotganimda biologiya laboratoriyasi qanday abgor turgan bo‘lsa, hozir ham shunaqa. Bilasizmi, bu faqat qishloq maktablaridagi holat emas. Olimpiadalarga tayyorlanish davrida shahar maktablari, akademik litseylarga borgan bo‘lsam, barida shu ahvol edi. Hatto bir qancha institutlarniki ham xarob holatda. Ahvol shundayki, 12 yillik o‘rta ta’lim, yana to‘rt yil oliy ta’limni olgan inson oddiy bir tajribani o‘tkazolmaydi. Chunki buning uchun sharoit yo‘q. Endi o‘zingiz ayting, shu tarzda o‘qigan va diplomini olib, maktablarga dars berishga borgan o‘qituvchilarni amaliyotdan bexabarligi, o‘quvchilariga uni o‘rgatmayotgani uchun malomat qilishga qay darajada haqqimiz bor?

Shu o‘rinda XTV, Oliy ta’lim vazirligi va boshqa mas’ullardan bu muammoga jiddiy e’tibor qaratishlarini qattiq iltimos qilib qolaman. Ilm sohasida investitsiya kiritish lozim bo‘lsa, buni o‘ylab o‘tirmasdan qilish kerak. Boshqa sohalar kutib turar, ammo ilm kutmaydi. Pulni tejash yoki olib qolish umuman noto‘g‘ri ish. Ikki yillik pandemiyada ilmning odamlarga qay darajada zarurligini butun dunyo bildi. O‘zbekistondagi qilinayotgan shuncha ishlarni bittada inkor eta olmayman. Ammo jarayonni tezlashtirish tarafdoriman.

Yana aytib o‘tishim kerakki, bu yilgi saralash nazariy savollari oldingi yilgidan ancha og‘irroq, xalqaro olimpiadanikiga moslashtirilgan edi. Oldin oddiy DTM namunasidagi savollarni ishlab terma jamoaga qabul qilinganmiz. Bundan keyingi yillarda amaliy savollarni qog‘ozda emas, aynan maxsus xonalar va jihozlarda tajribani o‘tkazib, topshira oladigan darajada qilishadi, deb umid qilaman.

Endi Xalqaro biologiya olimpiadasida boshqa qatnasholmayman. Bitta o‘quvchi maksimal ikki yil ishtirok eta oladi. Ikki yilimni ham chiroyli o‘tab bo‘ldim, Alhamdulillah. Bu yog‘iga O‘zbekiston terma jamoasining tayyorgarliklarida yordam berish niyatim bor.

— Olimpiadaga qanday kitoblar, manbalar asosida va qaysi ustozlar bilan tayyorlanganingiz haqida gapirsangiz.

— Xalqaro doiradagi olimpiadalarga tayyorlaydigan mutaxassislar O‘zbekistonda juda kam. Ularni shahar markazlari, asosan, poytaxtdan topasiz. Saralash bosqichidan o‘tganimizdan keyin bizga maxsus darslar qo‘yildi. Terma jamoa liderlari tayinlandi. Har biri juda mahoratli ustozlar. Mukambar Muhammedova, Gulbahor Umarova, Nargiza Abdurahmonova, Davron To‘xtayevlar bilan shug‘ullandik. Bundan tashqari, Ilg‘or texnologiyalar markazidagi yosh, yaqinda magistraturani tugatgan Gulnoza Esonovani alohida ta’kidlashim kerak. Asboblarni qanday ushlashdan tortib, ularni mustaqil ishlatgunimizgacha qancha xatolar qilmaylik, bizga sabr, matonat bilan o‘rgata oldilar. Xalq ta’limi vazirligining bergan eng katta imkoniyati esa xalqaro ustozlarni jalb qilishgani bo‘ldi. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti professor, o‘qituvchilari bilan darslar o‘tdik. Avval bilmagan, o‘rganmagan juda ko‘p mavzularimni o‘rgandim, mustahkamladim. Olimpiada oldidan eng katta va yaxshi tajriba aynan shu bo‘ldi desam, adashmayman.

Biror chet tilini bilmasdan xalqaro olimpiadaga tayyorlanishning imkoni yo‘q. Chunki o‘zbek tilida xalqaro olimpiadaga oid deyarli biror manba, kitob yoki ko‘rsatma mavjud emas. Asosan rus va ingliz tillarida topish mumkin. O‘zbek tilidagi maktab, litsey va hatto universitet darsliklarida xalqaro olimpiada qamrovidagi mavzular uchramaydi.

Butun dunyo bo‘ylab Maykl Kempbellning “Campbell Biology” (Kempbell biologiyasi), Grin, Teylor, Stoutlarning “Biological science” (Biologiya fani) kitoblari asosida xalqaro biologiya olimpiadasiga tayyorlanishadi. Xursand qiladigan tomoni — xalqaro biologiya olimpiadasi uchun YouTube`dagi manbalar, ma’lumotlarning hammasi ochiq. Tilni bilgan istalgan o‘quvchi kirib, o‘rganishi mumkin.

— Bir kunda necha soat, haftada necha kun vaqtingizni ajratardingiz?

— Qancha o‘qishimni ko‘pincha o‘zim hal qilardim. Qaysidir ustozim tomonidan biror vazifa berildimi, har doim aytilgan vaqtda qilib borganman. Stollarning ustida uxlab qolgan, keyin uyg‘onib yana davom ettirgan paytlarim ko‘p bo‘lardi. Qo‘shimcha ravishda ingliz tili bilan ham shug‘ullanardim. Olimpiada yaqinlashgach, uni ham to‘xtatib, butun kunimni biologiyaga bag‘ishlay boshladim.

— Olimpiada jarayoni qanday o‘tgani haqida gapirib bersangiz.

— Xalqaro olimpiada har doim bir hafta davom etadi. Boshlanishiga ikki kun qatnashchilarning mehmonxonalarga joylashib, sharoitlarga ko‘nikishlari uchun vaqt berildi. Uchinchi kuni sinovlar boshlandi. Avval amaliy imtihon topshirdik. Amaliy imtihon to‘rtta bosqichga bo‘lingan: biokimyo, bioinformatika, o‘simlik fiziologiyasi, anatomiyasi va ekologiyasi, hayvonlar fiziologiyasi va biosistematika. Har qaysisi 1,5 soatdan davom etdi va bir kunda topshirdik. Amaliy imtihonlarda har bir ishtirokchining oldida bittadan hakam turmadi. Har birimizning tepamizda kamera bor edi va volontyorlar aylanib yurardi. Umuman, bu jarayonni kimdir nazorat qilishiga ham hojat yo‘q ekan. Biokimyodan maxsus apparatlarda turli moddalar yordamida tajriba o‘tkazish kerak bo‘ldi.

Hayvonlar fiziologiyasi va biosistematikadagi sinovlarda tirik organizmdan foydalaniladi. Masalan, bizga to‘rtta baliq turi berildi. Avvalgi yillarda parranda, sichqon va zuluk kabi hayvonlar asosida tajriba o‘tkazilgan. 1,5 soat ichida baliqlarning qaysi oila, turkum, turga kirishini topib berish, xususiyatlarini o‘rganish kerak bo‘ldi. Buning uchun qo‘limizga berilgan chalajon baliqlarni yorib, ichaklarini ochdik.

Bioinformatikada esa biologik ma’lumotlarni informatika yordamida saqlash, kompyuterning o‘zida qanday hisob-kitob qilish mumkinligini ko‘rsatib berish kerak edi.

O‘simlik fiziologiyasidan bir qancha o‘simliklarning bargi, ildizi, guli yoki rasmi berildi. Ularni kesib, qaysi o‘simlik ekani, suvli yoki suvsiz, quyoshli yoki quyoshsiz — umuman, qanday muhitda o‘sishini aniqlash kerak bo‘ldi. Ularni aniqlagach, maxsus qog‘ozlarga eritmalar tayyorlab, o‘simliklarning qaysi muddat davomida rangini o‘zgartirishi, unda qancha oksidlovchi borligini aniqlash kerak edi.

Orada bir kun dam olib, nazariy imtihonga kirdik. U ikki qismga bo‘lingan edi. Har biri 50 ta savoldan iborat bo‘lib, uch soatdan umumiy olti soat vaqt ajratildi. Uni ham bir kunda ishlab chiqdik. Shu bilan sinovlar tugadi. Qolgan kunlarda mezbon mamlakatga sayohatlar qildik, turli o‘yinlar, ko‘ngilochar sayrlar bo‘lib o‘tdi. Oxirgi kunda taqdirlash va yopilish marosimi o‘tkazildi. Shu bilan hamma o‘z mamlakatiga qaytdi.

— Olimpiada qaysi tilda o‘tkazildi?

— Xalqaro olimpiada o‘tkazilishining hurmat qilishga arziydigan tomoni — o‘quvchiga erkinlikni taqdim eta olishida. Har qaysi davlatdan kelgan vakilga o‘ziga qulay bo‘lgan til — xohlasa, ona tili, xohlasa, boshqa bir tilda savollar taqdim etiladi. Va, u ham o‘zi tanlagan tilda javob yozishi mumkin. Ishlar shunchalik puxta o‘ylanganki, buni tashkilotchilarning o‘zi tarjima qilib oladi. Javoblarni ham ishtirokchi istalgan rangdagi ruchka yoki qalamda yozsin, bu ham ahamiyatsiz. Muhimi bilimi bor, yo‘qligi yoki o‘zining darajasini ko‘rsatib berishida. Xalqaro olimpiada — bolani qiynovchi emas, unga o‘zi xohlagan ko‘rinishda ilmini namoyish etishi uchun imkoniyat beruvchi maydon. Lekin ingliz tilini bilish zarar qilmaydi. Boshqa qatnashchilar bilan muloqotda asqatadi.


— O‘zi Olimpiadada ishtirokdan maqsadingiz nima edi? Unga erisha oldingizmi?

— Qayerdaki, biror musobaqada qatnashsam, bilimimni sinab ko‘rish, o‘zimga ishonchimni oshirishni maqsad qilib borganman. Bu yilgisida esa O‘zbekistonning nomidan chiqayotganim uchunmi, ko‘proq shu nomni oqlashni xohlagandim. O‘ylaymanki, ozmi-ko‘pmi uddalay oldim. Umuman olganda, bu kabi maqsadlar men uchun beriladigan imtiyoz, imkoniyat va mukofot pullaridan ustun. Harakatim faqatgina o‘z manfaatim uchun bo‘lib qolishidan qo‘rqaman va bundan tiyilaman. Olimpiadalarda beriladigan imtiyoz ortidan o‘rin olishni xohlashlariga ko‘p guvoh bo‘laman. Go‘yoki u oxirgi nuqtayu, OTMga faqat shu yo‘l bilan osongina kirish mumkin deb o‘ylashadi. Hamma bir-birini yanchib o‘tib, biror o‘ringa ega bo‘lishni xohlaydi. Odam o‘zining aslida nimaga harakat qilayotganini yaxshilab o‘ylab olishi kerak. Agar o‘z manfaati yo‘lida bo‘lsa, bu ko‘zlangan cho‘qqiga yetish uchun juda qisqa muddatli harakat beruvchi maqsad deb hisoblayman.

— Shu paytga qadar O‘zbekistondagi “Bilimlar bellashuvi”, fan olimpiadalarida ishtirok etganmisiz?

— 5-sinfligimda ona-tili va adabiyotdan “Bilimlar bellashuvi"ga qatnashganman. Aytarli natija bo‘lmasa-da, bu mendagi ilk tajriba edi. Bir paytning o‘zida tarixga ham juda qiziqardim. Ustozimni yaxshi ko‘rardim. Tarixdan “Bilimlar bellashuvi"ga chiqish niyatim bo‘lgan. Ustozim to‘satdan boshqa ishga o‘tib ketdilar. O‘rinlariga kelgan o‘qituvchining bilimi, tajribasiga esa men moslasholmadim. Orada botanika o‘qituvchimiz ham almashdi. Nafisa Temirova ismli ustoz o‘simliklar olamiga shu darajada olib kirib ketardilarki, ichidan chiqib ketolmasdim. Darsdan keyin qo‘shimcha mashg‘ulotlarga ham qolardim. Shu fandan bellashuvga borish niyatimni bildirdim. Bir oy qolganda tayyorlanishni boshladik. Hudud bosqichida birinchi o‘rinni olib, tumandan to‘rtinchilik bilan qaytganman. Juda qisqa muddatli tayyorgarlikda yomon natija deb hisoblamaganman. Ammo yiqilsam, alam qiladigan joyi borki, o‘rnini to‘ldirmagunimcha, joyimga qaytib o‘tirmayman. 7-sinfligimda hudud va tumanda bir, viloyatda esa ikkinchi o‘rinni oldim. Endi biologiyaning ichiga kirgan va u hayotimning ajralmas bir qismiga aylanib ulgurgan edi. 8 va 9-sinfligimda yana hudud, tuman bosqichidan birinchi o‘rinni oldim. Bu paytda esa bellashuvning viloyat va respublika bosqichi bekor qilindi.

“Bilimlar bellashuvi"ning respublika bosqichi 2018 yil, viloyat bosqichi 2018 — 2019 yillardan o‘tkazilishi to‘xtatilgan. 2019 — 2020 yillardan esa “Bilimlar bellashuvi"ni o‘tkazish butunlayga to‘xtatilgan. XTVning aniqlik kiritishicha, bunga umumiy o‘rta ta’limda ko‘rik-tanlov va fan olimpiadalari kabi tadbirlarning ko‘payishi sabab bo‘lgan. O‘quvchilarning yosh-psixofiziologik holatlarini inobatga olib shunday yo‘l tutilgan.

Litseyda birinchi kursligimda biologiya olimpiadasining Toshkent shahar bosqichida uchinchi o‘rinni oldim. 2-kursligimda esa shahar bosqichida ham birinchilikni olib, Respublikaga chiqdim. Undan esa 4-o‘rin bilan qaytdim. Buning ham o‘z sabablari bor. Men bir paytda ham respublika, ham xalqaro olimpiadaga tayyorlanishim kerak bo‘ldi. Ammo ikkisi shimol va janubiy qutblar singari bir-biridan ancha yiroq edi. Respublika olimpiadasida milliy maktab darsliklarini o‘qisam, xalqarodagisida xorijiy kitoblar, ensiklopediyalardan tayyorlanishim kerak edi. Ikkisiga ham qatnashish, ammo ikkinchisi bilan ko‘proq shug‘ullanishga qaror qildim. Shunday qilib, milliy darsliklardagi har doim ikki marta o‘qiydigan mavzumni bir martadan o‘qishimga to‘g‘ri kelgan. Bu o‘zining ta’sirini ko‘rsatdi, albatta.

O‘zbekistonning sharafini mamlakat ichida ko‘tarib beradiganlar ko‘p, lekin xalqaro maydonda himoya qiladiganlar sanoqli. O‘sha sanoqlilar ichiga tushdimmi, mas’uliyatni ham ola bilishim kerak, deb hisoblagandim.


— Maktab va litseydagi o‘ndan ortiq fanni o‘qish va olimpiadalarga tayyorlanish qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

— Yengilliklar berilardi. Maktabda fan olimpiadasining qaysidir bosqichiga yarim yoki bir oy qolganda boshqa darslardan ozod qilinib, faqat olimpiadaga tayyorlanayotgan fanimizni o‘qirdik. Litseyning birinchi kursida esa peshin mahaligacha darslarga qatnashardim. O‘qishdan chiqib kech kirguncha ba’zan ustozim hamrohligida, ba’zan esa o‘zim faqat biologiya bilan shug‘ullanardim. Ikkinchi bosqichligimda xalqaro olimpiadada ishtirok etadigan o‘quvchilarni darslardan ozod qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgandi. Shundan keyin kun davomida faqat biologiya bilan shug‘ullanganman.

— Bu yengilliklar boshqa fanlarni o‘zlashtirishda bo‘shliqlar paydo qilmaydimi?

— Olimpiadaning ichida yetti yildan beri yurgan bo‘lsam, bunaqa gaplarni ko‘p eshitaman. Matematikadan tayyorlanyapman-ku, ingliz tilim qolib ketyapti deyishadi. Yoki istalgan boshqa fanlarni misol qilib keltirishadi. Ammo buni tasavvur qilishga biroz qiynalaman. Chunki ushbu holat bilan bog‘liq muammo menda bo‘lmagan. Maktabda hamma fanni yaxshi o‘qiganman. Qolgan fanlarimga qaysidir muddat qatnashmagan bo‘lsam-da, testlarda o‘sha fandan olimpiadaga chiqadigan boladan kam natija ko‘rsatmaganman.

Litseyda esa birinchi kursligimizda OTM imtihonlari uchun beshta fandan tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak edi. O‘sha paytdagi oilaviy sharoitimiz qiyinroq bo‘lganining hisobiga beshta fanni ham repetitorga borib o‘rganishim uchun imkonimiz yetmagan — ikkitasiga bora olganman. Ona tili, matematika, tarixni esa mustaqil o‘qiganman. Har oy birinchi va ikkinchi kurslardan tarkib topgan 300 nafar o‘quvchidan blokli test olinardi. Shu muddat davomida biror marta uch yoki beshtalik o‘rindan tushmaganman. Garchi tengdoshlarim yoki bir kurs yuqorilarning aksariyati besh fandan ham maxsus o‘qituvchiga borib tayyorlansa-da, ko‘pincha ulardan yuqori natija qayd eta olganman. Odamda chin dildan nimagadir xohish bo‘lsa, bemalol, uddalay oladi.

— Faqat bitta fan bilan mashg‘ul bo‘lish zeriktirmaganmi? Bir necha yil davomida aynan bir xil kitoblarni qayta o‘qish, yodlashchi?

— O‘zbekiston olimpiadalarida tayyorgarliklar zeriktirardi. Lekin xalqaroga tayyorlanish jarayonida yangilik olmagan, o‘rganmagan kunim bo‘lmadi. Buning uchun hamma sohalardan bir shingildan bilish kerak. Bioinformatika uchun informatikani, biokimyo uchun kimyoni, hayvonlar fiziologiyasi uchun butun hayvonlar olamining orasiga kirib-chiqishingiz, yorib ko‘rishingiz kerak bo‘ladi. Har qadamim yangilik bo‘ldi.

— O‘zbekiston va xalqaro olimpiadalarda qanday farqlarni sezdingiz?

Xalqaro olimpiadaning nazariy savollari O‘zbekistonda beriladigan savollardan keskin farq qiladi. U yerda matematika va mantiq asosiy rolni o‘ynaydi. Testlar aralash: ochiq (kalitli — tahr.) va yopiq (kalitsiz — tahr.), savolga keltirib qo‘yilgan javobning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini yozish kerak bo‘ladi, atamalarni ularga mos qoidalar bilan birlashtiradigan hollarda uchraydi.

Shuningdek, apellyatsiyalarda sezilarli farq bor. Baholash jarayonida O‘zbekistonda apellyatsiyaga o‘quvchining o‘zi kiradi. Xalqaro olimpiadada esa mamlakati jo‘natgan mas’ul vakil o‘quvchining to‘g‘ri javobi xato bo‘lib qolmasligi uchun qarab turadi. O‘quvchi imtihonni topshirdimi, bo‘ldi, endi dam olishi kerak. Hakamlarning oldiga kirib mening bu javobim to‘g‘ri edi deb, o‘zini, asablarini charchatib o‘tirmaydi. Mas’ul vakil hamma vazifani o‘zi bajaradi.

— Olimpiadalarda qachondir baholashdan yoki savollardan norozi bo‘lganmisiz?

— O‘zbekistonda necha marta apellyatsiyaga qatnashgan bo‘lsam, har safar norozi bo‘lganman va hozir ham noroziman. Bu jarayonda boshqa fanlardan qanday mutaxassislar qo‘yiladi, bilmayman. Ammo o‘zim kirgan apellyatsiyalardagi mutaxassislarning bilim darajasidan qoniqmaganman. Masalan, litseyning birinchi kursida Toshkent shahar bosqichida apellyatsiyaga kirgandim. Aslida kitobda yozib qo‘yilgan javobimni xatoga chiqarishgan. 20 yillik tajribaga ega o‘qituvchiga kitobdan aynan o‘sha joyni ko‘rsatib berishimga qaramasdan uni qabul qilmagan. Noto‘g‘riligini isbotlab bering desam, isbotlab ham bermagan. Ehtimol, u men haqligimni ham bilar, faqat maqsadi boshqa bo‘lgani uchun qabul qilmagan degan xulosaga kelganman.

— O‘zbekistondagi fan olimpiadalari tizimida aynan nimalarni o‘zgartirish kerak deb hisoblaysiz?

— Fan olimpiadalari tizimi bitta ham xatosiz, zo‘r ishlaydi deb ayta olmayman. Xatolar ko‘p. Buni olimpiadaning ichida yurgan odamlarning hammasi biladi. Ularning dardi bir. Ammo bu bilan ular harakat qilmayapti, ishlamayapti deb aytishga vijdonim qiynaladi. Chunki hozir ochilgan Fan olimpiadalari departamenti haqiqatdan ishlayapti. Ko‘p yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni birdaniga hal etish ham imkonsiz.

Amaliy mashg‘ulotlarni ko‘paytirish, apellyatsiyalarning shaffofligini ta’minlashlarini xohlardim. Shuningdek, g‘olib o‘quvchilar keng miqyosda rag‘batlantirilishi kerak deb hisoblayman. Bu bolalarning o‘zida intilishni oshiribgina qolmay, odamlarda yaxshi o‘qishning ortidan, yaxshi mukofotlanish mumkinligi tushunchasini ham bera oladi. To‘g‘ri, bugun ilm egalariga ko‘proq e’tibor qaratishga harakat qilinmoqda. Bu yaxshi, albatta. Ammo fan olimpiadasining nima ekanini bilmaydigan odamlar ham bor.

Bilasizmi, o‘zimiz taraflarda haligacha olimpiadada yutganimni eshitib “kurashchimiz, gimnastikachimisiz”, — deb savollar berishadi. Yo‘q, fan olimpiadasida yutganman desam, “shunaqa olimpiada ham bo‘ladimi”, — deb hayron qolishadi. Ba’zida past nazar bilan mensimagandek qarashadi. Fan olimpiadalari ham jahon arenasida O‘zbekistonning nomini, bayrog‘ini ko‘tarib beradi-ku, nega odamlar uni bilishmaydi deb ranjib ketaman.

Qolaversa, ilm faqat markazlarda qilinmaydi. Ilmlilar ham faqat shaharlarda yashaydiganlar orasida emas. Chekka tumanlarda ham xalqaro olimpiadalar haqida ko‘proq, kengroq ma’lumotlar berilishini xohlayman. Maktabda 6-sinfdan boshlab biologiyadan “Bilimlar bellashuvi"da ishtirok etib kelayotgan bo‘lsam, bir yil oldin — Toshkentga kelib akademik litseyning birinchi kursida shahar olimpiadasiga borib, biologiyadan xalqaro olimpiada borligini bilganman. Holbuki, 2013 yildan beri O‘zbekiston terma jamoasi unda ishtirok etib kelayotgan, 15 yoshga to‘lgan, istalgan o‘quvchi qatnashish uchun da’vogar bo‘lishi mumkin ekan. Ammo bundan xabarsiz edim.

Deylik, O‘zbekiston sharafini xalqaro doirada himoya qilib bera oladigan qaysidir bola Baxmalning chekka joyida o‘qiyotgandir. Uning o‘zi bunaqa imkoniyati borligini bilmayotgandir. Targ‘ibot va yetkazish kengayishi kerakki, toki bexabarlar qolmasin.

— Kutilgan natijaga erisholmaganda sizda ruhan siqilishlar bo‘larmidi? Fanning qaysidir qismini o‘zlashtirish qiyinlashganda shu yo‘ldan voz kechgingiz kelgan paytlarchi? Agar bo‘lsa, ularni qanday yengardingiz?

— Qiyinchiliklardan fanni tashlab ketish niyati juda ham ko‘p bo‘lardi. Inson nimagadir hech qachon yetisholmasligini bilgandagina undan voz kechadi. Tashlab ketmoqchi bo‘lgan paytlarimda, Aziza, shoshma, shunga erisha olasanmi, deb o‘zimga savol beraman. Agar “ha” javobini topa olsam, demak, to‘xtashga hali erta bo‘ladi. Yoki bir sinab ko‘ray, deb tavakkaliga harakat qilaman. Deylik, qiynalganimda “o‘sha ishni qilolmasam kerak” degan o‘y miyamdan o‘tsa, tezda hammasini to‘xtataman.

Kutilgan natija bo‘lmaganda ruhan siqilishlar ham ko‘p bo‘lardi. Ammo maktabda o‘qib yurgan paytim ota-onamning bag‘rida bo‘lganim uchun bunday jarayon uzoq davom etmasdi. Qanaqa natija bo‘lishidan qat’i nazar ular doim men bilan faxrlanishlarini bildirishar, shuning o‘zi yiqilgan joyimdan turib ketishimga yetardi.

Oxirgi ikki yilda ota-onamdan uzoqda bo‘lish har qanaqasiga qiynadi. Ular qo‘llab-quvvatlashda davom etishsa-da, yonimda bo‘lmaganlari muvaffaqiyatsizliklarda meni yolg‘izlatib qo‘yardi. Ayniqsa, shu yili respublika olimpiadasining javobi chiqqach, katta zarba oldim. Bir yil avval xalqaro doirada birinchilikni qayd etgan o‘quvchi, endi respublikaning o‘zida to‘rtinchi o‘rinni olishi uning o‘ziga turli ruhiy bosimlar berishi tabiiy. Ketma-ket g‘alabalar bilan qaytganimdan oxirgi paytlar uyga borsam, nechanchi o‘rinni olding deb so‘rashmay ham qo‘yishgan, tabriklaymiz, birinchi o‘rin bilan, deb quchoqlab ketishardi. Respublika bosqichi bu yili Navoiyda bo‘lgandi. Uyga qaytsam, xursand kutib olishdi. Men esa natija bo‘lmagani, to‘rtinchi o‘rinni olganimni aytdim. O‘zimdan ham ko‘ra ko‘proq ular shokka tushdi. “Qanaqasiga?”, — deb yuborishdi. Ularga Xudo xohlasa, xalqaro olimpiadadan natija bo‘lishini aytdim va meni noqulay holatga tushirmaslik uchun tezda hayratlarini yo‘qotishdi. Qayerda, nechanchi o‘rinni olsam ham ota-onamning qizi bo‘lishda davom etishim va ular mendan doim faxrlanishlarini bildirishdi. Men uchun bundan muhim qo‘llab-quvvatlov yo‘q.

Biologiyaning ichida yurganlar ham buni tushunishi qiyin. Olimpiadaga qayta-qayta boradiganlar tanilib qoladi. Meni bilganlarning hammasi natijalar chiqqach, “nimaga bunaqa bo‘ldi?” degan savol bilan yuzlanishgan. Ularning har biriga men bundan-da kattaroq narsani ko‘zlayapman deb tushuntirib berolmas edim. Shunday qilganimda ham besamar harakat bo‘lardi. Buni tushunishi uchun aynan o‘sha vaziyatni boshdan o‘tkazgan bo‘lish kerak, nazarimda. Litsey rahbariyati ham natijamdan ranjidi va buni bildirdi. Ammo ustozim to‘g‘ri tushunganlar. Boshidayoq “Aziza, ikki yo‘ldan qaysi birini tanlasang ham tanlovingni hurmat qilaman, faqat qattiqroq mehnat qilasan”, — degandilar.

Bilasizmi, bizda olimpiadaning mohiyatini bolalar ham, kattalar ham xato tushunishadi. Unda bir marta g‘olib bo‘lgan o‘quvchidan ikkinchi marta qatnashganda ham shunday natijani kutishadi. Bir marta shohsupaga ko‘tarildingizmi, ikkinchisiga siz shunchaki bilimingizni sinab ko‘rish, o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshirish uchun harakat qilolmaysiz. Boshqalar — o‘qituvchingiz, maktab yo litseyidagi rahbarlar, ba’zan ota-onangizning xohishini ro‘yobga chiqarish uchun harakat qilishingiz kerak. Ularning umidlari, hech bir nuqsonsiz qilayotgan ishonchlari sizga go‘yoki g‘olib bo‘lishni majburiyat ekanini anglatadi. Xalqaro olimpiadada shu yilgi saralashlardan to Armanistondagi barcha bosqichlardan o‘tguncha ana shunday majburiyat hissi meni ham tark etmadi. Mendan hamma yaxshi natija kutyapti, eplashim kerak degan o‘y miyamdan aylanaverardi.

Shu paytga qadar necha marta olimpiadaga qatnashgan bo‘lsam, mag‘lublar har safar yig‘lab ketadi. Ularga olimpiada jang maydoni emasligini tushuntirish kerak. Bilmadim, bu vazifani kim bajaradi? Masalan, menda ota-onam buni tushuntira olgan. “Olimpiada — shunchaki bir tajriba. Unda yutgin xoh, yutqizgin, hayoting davom etaveradi. O‘rganganlaring, unda orttirgan do‘stlaring qoladi. Agar biror joyida adolatsizlikni ko‘rsang, hayot ham bekam-u ko‘st emasligini bilasan. Agar unga qarshi kurashsang, boshqa adolatsizliklarga ham qarshi kurashish kerakligini bilasan. Muhimi doim yodda tutginki, kimdir xursand bo‘lib turganda uning oldida yig‘lama, kimdir yig‘layotgan mahalda esa kulma”, — deyishardi.

Ular meni nafaqat mag‘lubiyatdan cho‘kmaslikka, balki g‘alabadan mag‘rurlanmaslik, kibrlanmaslikka o‘rgatishgan. “Qizim, senga bir kun berilgan sharaf ikkinchi kun berilmasligi mumkin. Qanchalik tepaga chiqsang, pastga tushishing shunchalik og‘riqli bo‘ladi. Asalning ham me’yori yaxshi deyishadi. Yutganda ham, yutqizganda ham odam o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi kerak. Yana ham yiqilish bo‘lsa, g‘alabaning qadriga yetasan. Na g‘alabang va na mag‘lubiyating seni o‘zgartirmasin”, — deyishardi. Olimpiada bu hayotning tugashi emas. Uning javobi bugunga ham, kelajakka ham o‘zgartirib yuboradigan darajada ta’sir ko‘rsatmaydi. U kichkina zinachalardan biri. Bittasidan sakrab o‘tgandan keyin boshqasi kelaveradi.

— Sizni dars tayyorlashdan nimalar chalg‘itardi va ulardan qanday cheklanardingiz?

— Tabiatan qiziqqon bo‘lganim uchun aynan qaysidir yo‘nalishga e’tiborimni qaratishim uchun ko‘p narsa xalal beradi. Bir joyda bitta mashg‘ulotni uzoq vaqt davom ettirishim qiyin. Qiziqishlarim tez o‘zgaradi. Umuman, ichimda boshqa, tashqarimda boshqa Aziza yashaydi. Biror vazifa topshirilsa yoki qaysidir muddatda nimanidir tugatishim kerak bo‘lsa, ichimdagi Aziza ustun kelganda uni tugata olaman. Ammo aksi bo‘lsa, qolib ketadi.

Meni odatda yo telefon, yoki kitoblar biror qilayotgan ishimdan, darsimdan chalg‘itadi. Aslida telefondan ham o‘zim uchun foydali ma’lumot yoki ilm olishda ko‘p foydalanaman. Ammo unga ham me’yor qo‘ymasangiz, asosiy vazifangizdan chalg‘itib qo‘yarkan. Shuning uchun har yarim soatda telefonimni budilnikka qo‘yganman. Unda har xil motivatsion so‘zlar yangraydi. To‘g‘ri, doim ham ta’sir qilib, yordam beravermaydi. Biroq bu o‘zimni tartibga solib olish uchun bir vositacha. Aslida odam telefonni o‘zi qo‘liga olmasa, hech qachon telefon o‘z-o‘zidan yugurib kelib qolmaydi. Shuning uchun ham hammasini o‘z vaqtida rejalash va rejalangan ishni vaqtida qilish kerak. Agar ichimda dangasalik qaynab tursa, boshimga bir urib, “jim o‘tirib tur, hozir dars qilish vaqti”, deyman.

Lekin kerakli joyda kitoblardan o‘zimni qanday cheklashni hozirgacha bilmayman. Balki bu qon bilan yuqqandir deb o‘ylab ham qolaman. Telegram yo boshqa tarmoqlarda biror kitobning taqrizi oldimdan chiqib qolsa, qiziq bo‘lsa, o‘sha kitobni olib kelib, o‘qib tugatmagunimcha xayolim bir joyga kelmaydi. Ichim siqilaveradi, darsga ham qo‘lim bormaydi. Balki vaqt o‘tib bunga ham chora topa olarman.

— Umuman olganda, o‘zini har doim cheklash to‘g‘rimi? Uning ham me’yori bormi?

— Yo‘q, o‘zini hamma narsadan va har doim cheklash to‘g‘ri emas. Ilm odamlari beparvoroq bo‘ladi. Atrofdagi voqea-hodisalarga, o‘zining kun tartibiga har doim ham e’tibor beravermaydi. Qachon tajribasi o‘xshasa, ishi oldinga siljisa, keyin bo‘shaydi. Bo‘lmasa, o‘shaning ichida yashab yuraverishadi.

Bir marta o‘zim ham qattiq pushaymon yeyishimga ozgina qoldi. O‘qish davomida o‘zimga, ovqatlanishim, yurish-turishimga e’tibor bermaganim sababli aynan olimpiada boshlanishiga bir hafta qolgan vaqtda kovidning belgilari sezildi. Ota-onamning oldida emas, Toshkentdaman. U yerdagi ijara uyda avval opalarim bilan turardim. O‘sha paytda ular ham o‘qishi tugagani uchun viloyatga qaytishgandi. Ertalab ko‘zimni ochaman, haroratim ko‘tarilib ketgan. Boshimni ham ko‘tarolmayman. Ikki kun o‘zimni amallab yurdim, uchinchi kundan darsga ham borolmadim, ko‘chaga ham chiqolmadim. Uydagilarga keling deb aytsam, ular ham ishli odamlar. Oyim bilan dadamning mendan tashqari yana to‘rtta farzandlari bor. O‘zim uchun ularni ishdan qo‘yib, rizqlaridan to‘sishga sabab bo‘lgim ham kelmaydi. Katta ehtimol bilan olimpiadadan qolib ketishim mumkin edi. COVID-19 testining manfiy natijasisiz Armanistonga kirolmayman. Keyin oyimning o‘zlari telefondagi gap-so‘zlarimdan sezib qoldilar. Shifokor bo‘lganlari uchun tez va samarali davolanish mumkin bo‘lgan yo‘llarini aytdilar. Uch kunlarda ahvolim yaxshilanib, test topshirdim. Shukurki, natijalar manfiy chiqdi.

Inson o‘zini ovqatdan, dam olishdan mutassil ravishda to‘sadigan bo‘lsa, cheklangan narsa ikki-uch barobar vaqtini oladigan bo‘lib qaytib keladi. Vaqtida dam olish, vaqtida ovqatlanish, vaqtida o‘qish kerak. Bu juda ham muhim. Islom dinida ham bu taqiqlangan. Butun tanamiz, a’zolarimiz bizga omonat. Hattoki, ta’lim olish — farzi a’yn uchun bo‘lsa-da, ularga ziyon yetkazish gunoh sanaladi. Odamning aqliy faoliyati och bo‘lganda ham, charchaganda ham ishlamaydi. O‘zim bunga rioya qilmay, qiynalganim uchun endi xatolarimni tuzatishga harakat qilyapman va boshqalarga qaysidir ma’noda buni maslahat tarzida aytishim mumkin.


— O‘zbekiston maktab tizimidan nimalarni o‘zgartirishni xohlardingiz?

— Olimpiadada bir-ikki chet ellik tengdoshlarim bilan gaplashganimda ular hatto xalqaro olimpiada uchun biz singari alohida, maxsus tayyorlanishmasliklarini aytishgandi. Hayrat aralash sababini so‘raganimda, “axir, bu fan maktabda o‘tiladi-ku, o‘sha yerda o‘rganamiz”, — degan javobni berishdi. Yaxshi va namunali ta’lim qanday bo‘ladi degan savolga o‘quvchi xalqaro doirada ham maktabdan olgan ta’limi bilan bilimini sinay oladigan darajada, deb javob beraman.

Maktabda keraksiz fanlarni olib tashlab, bolaga qiziqadigan fanlarini o‘rgatish va amaliy darslarni ko‘paytirish tarafdoriman. Bilishimcha, bir qancha davlatlarda bolalar kun davomidagi hamma darslarini ham sinflarda o‘tishmaydi. Masalan, botanikadan daraxt mavzusi o‘tiladimi, daraxtlar bor joyda, zoologiyadan chuvalchanglar mavzusi bo‘ldimi, imkon qadar dalada o‘tish, o‘quvchilar har bir obyektni ko‘zi bilan ko‘rib, qo‘li bilan ushlashi, xususiyatlarini o‘sha yerning o‘zida bilishi kerak deb hisoblayman. Bizda esa maktab bolalarga stul-partada o‘tirish, odobli bola bo‘lib, sukut saqlashni o‘rgatadigan joy bo‘lib qolgan. Maktab bolani qamab o‘tiradigan makon bo‘lmasligi kerak.

Bola kichkinaligidan qaysidir fanga qiziqmayaptimi, o‘qituvchisi, ota-onasi ocholmayaptimi, vaqtni yo‘qotmay uning mayli ko‘proq tortayotgan fanga yo‘naltirish kerak. Misol uchun, 3-sinfligida musiqani judayam yaxshi ko‘rib, tabiatshunoslikni yomon ko‘radigan bola 10-sinfga borganda biologiyani yaxshi ko‘rib qolishining ehtimoli judayam kam. Bola bundan vaqtini yo‘qotgani qoladi. Men hamma xohlagan fanini o‘qisin deyish tarafdori emasman, albatta. Bola kichkinaligida o‘ziga nima yaxshi yoki yomonligini ham bilmaydi hatto. Ammo o‘qituvchi, psixologlar va ota-ona uning qaysi fanga iqtidori borligini aniqlashi va shu bilan ko‘proq shug‘ullantirishlari kerak deb hisoblayman.

— Ota-onangiz, oilangizning olimpiadalardagi muvaffaqiyatingizda o‘rni qanday?

— Katta va oddiy oilada tug‘ilganman. Dadam oshpaz, oyim esa hamshiralar. Akamdan keyin ketma-ket uch qiz tug‘ilganmiz, keyin esa ukam. Dadam akam va ukamning o‘qishidan ko‘ra, biz qizlarnikiga ko‘proq e’tibor qaratadilar. Yoshimiz orasidagi farq u qadar katta emas. Doimo maktab, repetitor yoki universitetda o‘qish paytimiz ham bir yillik farq bilan ketma-ket to‘g‘ri kelib qolaveradi. Ota-onam qanchalik qiynalishmasin, barchamizning o‘qishimiz, birovdan kam bo‘lib qolmasligimiz uchun harakat qilishardi. Akam bilan opam o‘qishga kirishdi. Shu paytda men Toshkentdagi akademik litseyda o‘qimoqchiligimni aytdim. Ular grant asosida o‘qishsa-da, ikki talabaning yashashi, boshqa xarajatlari o‘rtahol oila uchun og‘irlik olib kelishi tabiiy. Yana men shaharga ketaman deyapman. Shu payt pandemiyaga to‘g‘ri kelib qolgandi. Dadam ishsiz qoldilar. Lekin dadam akam bilan opangni o‘qityapman, seni shaharga jo‘natishga qiynalaman demadilar. O‘qishimiz uchun Rossiyaga ishlashga borib keldilar. Ikki xalqaro olimpiadadan 180 million so‘m mukofot puli oldim. Ularni ota-onamga berdim. Shuni ham o‘zlariga emas, bizning o‘qishimiz yoki yaxshiroq sharoitda yashashimiz uchun sarflamoqdalar. Alloh ulardan rozi bo‘lsin.

— O‘qish va o‘rganishingizdagi aynan qanday muammolar bo‘lmaganda siz hozirgidan ham yaxshiroq natijaga erishardingiz? Istalgan muammolar — sharoit, ustozlar yoki o‘zingizning shaxsiy sifatlaringiz bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

— Sharoit jihatdan muammolarim bo‘lmagan hisob. Buni moslab berishgan. Kitob masalasi meni ko‘p qiynardi. Maktab darsliklarini hamma joydan topsa bo‘ladi, biroq xalqaro biologiya olimpiadasiga tayyorlanish uchun ingliz yoki rus tilini bilmaydigan bolalar uchun o‘zbek tilidagi ma’lumotni topish juda katta muammo. Til borasida ham har kimning iqtidori yoki sharoiti har xil bo‘lishi mumkin-da. O‘zim ham birinchi yilgi olimpiadada o‘zbek tilida birorta kitob topolmay, peshonam qayta-qayta shu muammoga tekkanidan, ingliz tilini chuqurroq o‘rganishni boshlagandim. To‘g‘ri, orada til bilish darajamni mustahkamlab oldim. Ammo ingliz tilida o‘qib, eshitib tushuna oladigan darajaga yetguncha qaysidir muddat vaqtdan yutqazdim deb hisoblayman. Endi o‘ylab ko‘ring, men singari qanchadan-qancha o‘zbekistonliklarning muammosi ona tilidagi manbalarni topolmasligi bo‘lishi mumkin.

O‘zbek tilining o‘zidagi darsliklar mukammal emas. Hatto oliy o‘quv yurtlarining maxsus darsliklarida ham xatolar juda ko‘pligini tayyorlanish jarayonida ko‘rdik. Ulardagi ma’lumotlar juda ham eski. Adashmasam, 1980−90 yillarda rus tilida chiqarilgan kitoblar bizda haligacha tarjima qilinib, o‘qitib kelinmoqda. Ilm bitta joyda turadigan narsa emas, o‘zgarmasdan yasholmaydi. Misol uchun, uch yil oldin baliqlarning 70 ta turi bo‘lsa, bugunga qadar qancha yangi baliq turlari ochildi? Balki u son 90 ta bo‘lgan, ehtimol, yuztadan oshib ham ketgandir. Qancha noyob turlar kashf etildi, qancha turlar “Qizil kitob"ga kiritildi-yu, qanchalari chiqarildi? Mana shu ma’lumotlar har yangilanganda darsliklarga kiritilmas ekan, talaba yoki o‘quvchi buni qayerdan biladi? O‘zbekistonda darsliklarni yangilash, manbalarga e’tibor berish judayam sust. Aytib o‘tish kerak, yaqinda ko‘p maktab darsliklari qatori biologiya darsliklariga o‘zgartirish kiritildi. Hammasini ham ochib ko‘rganim yo‘qkuya, lekin 6 va 7-sinflarnikini ko‘rib chiqdim. Kitobga yondashuv o‘zgargan. Kreativlik bor. Mavzular biz o‘qigan paytlardagidek matn va savol-javobdangina iborat bo‘lib qolmagan. Jahon standartlariga mos, bolani qiziqtiradigan, rasmlari ko‘p, interaktiv kitoblar tayyorlashgan. Lekin hali ham ma’lumotlar va yo‘naltiruvchi narsalar kerakli va yetarli darajada deb o‘ylamayman. Chet el kitoblarida o‘quvchining ko‘proq “self-education” (mustaqil ta’lim)iga urg‘u beriladi. Chunki qaysidir yo‘nalishga oid barcha ma’lumotlarni bitta mavzuga sig‘dirish imkonsiz. Asosiy, qiziqtiruvchi qismlar bilan luqma tashlab qo‘yiladiki, ularni o‘qigan o‘quvchi qiziqib, “self-education"da darslikdagidan-da ko‘p narsani o‘rganib oladi.

Yana bir muammo — o‘zbek tilidagi darsliklarda hajmga haddan ortiq urg‘u berib yuborishadi. Ba’zan bir betdagi ma’lumotlarni tushunish uchun takror va takror o‘qishingizga to‘g‘ri keladi. O‘quvchini qiyin atamalar bilan fandan bezdirgandan ko‘ra, mavzuni tushunarli, sodda mazmunda berish yaxshiroq foyda beradi deb hisoblayman.

Markazda xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, undan o‘ng tarafda ikkinchi Aziza Abduvaliyeva.

— Yaxshi ta’lim olish uchun barcha imkoniyatlar bo‘lishi kerak. Bola yaxshi maktabga, yaxshi ustozlarning qo‘lida o‘qishi, uyda ham sharoitlar bo‘lishi kerak, degan fikrlar bor. Siz bunga qo‘shilasizmi?

— Yo‘q, qo‘shilmayman. Yaxshi sharoitda har bir o‘quvchi yoki bola ta’limning oxirida yaxshi bilimga ega bo‘lganda O‘zbekistonning ancha aholisi ziyolilar qatlamidan iborat bo‘lardi. Yaxshi sharoit har doim ham yaxshi natija bermasligi aniq bo‘lgani uchun ham bolaning o‘ziga, uning tarbiyasiga e’tibor berish kerakligi haqida ko‘p gapiriladi. Agar bola yaxshi sharoitda o‘ssa-yu, unga kichkinaligidan ilmdan qanday foydalanish o‘rgatilmagan bo‘lsa, u sharoitning qadriga yetmaydi va imkoniyatlarini isrof qiladi. Agar ilmning qay darajada muhimligi o‘rgatilsa, o‘zining irmog‘ini topib, vaqti kelganda o‘ziga o‘zi sharoit ham yaratib oladi.

Bilasizmi, inson fitratiga xos bir narsa bor — nimadir unda yo‘q bo‘lsa, o‘shaning bor bo‘lishi kerakligini biladi va shunga qarab intiladi. Bizga ham ota-onamiz imkoniyat yaratib berishga harakat qilishgan. Lekin og‘zimizdan noutbuk chiqsa, noutbuk, telefon desam, telefon yoki anavi o‘rtog‘im bunaqa daftar-kitob ishlatayotgan ekan, bizga ham olib kelib bering deganimizda hammasini, o‘sha zahotiyoq muhayyo qilishmagan. Bor sharoitdan foydalanganmiz. Repetitorga pul yo‘qligini bilsak, kitoblarni olib kelib mustaqil o‘qiganmiz. O‘zimning hatto o‘qituvchisiz qaysidir fandan tayyorlanib, anchagina muvaffaqiyatga erishgan do‘stlarim bor.

— O‘zingizning 12 yoshli holatingizni uchratganda unga nima derdingiz?

— O‘sha paytdagi Azizani uchratganimda to‘g‘ri yo‘lni tanlaganligi uchun rahmat aytardim. 12 yoshimda ona tili va biologiya o‘qituvchim o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. 5-sinfda ona tilidan “Bilimlar bellashuvi"ga borgan bo‘lsam, 6-sinfligimda esa botanikadan ishtirok etishni xohlaganman. O‘shanda ona tili ustozim botanika ustozimdan o‘quvchimni olib qo‘ydingiz deb xafa bo‘lgan. Ular esa menga farqi yo‘q, o‘zining istagini biling, deb javob berganlar. Ona tili ustozim takliflarini rad etsam-da, mendan umid qilishda davom etardilar. Keyinchalik ular doskaga chiqarsalar ham mendan sovishlari, ko‘ngillari qolishi uchun bilgan savollarimga javob bermay, testlarni noto‘g‘ri ishlab berardim. O‘shanda qattiq xafa bo‘lib o‘zimdan kichkina sinfdagilarga bitta fanni ushladingizmi o‘shandan ketinglar, shoxdan-shoxga uchmanglar, deb meni misol qilib ko‘rsatganlarini ko‘p eshitardim. Keyinchalik biologiyadagi yutuqlarimni ko‘rib munosabatlari o‘zgarib, to‘g‘ri yo‘lni tanlaganimni ta’kidladilar. Hozirgi yutuqlarimda o‘sha paytda qilgan to‘g‘ri tanlovimning o‘rni bor deb hisoblayman.

— Badiiy kitoblarning hayotingizdagi o‘rni qanday?

— Hayotimning yarmi badiiy adabiyotdan iborat. Bunga oilaviy muhit sabab bo‘lsa kerak. Oyim ham, dadam ham adabiyotni juda yaxshi ko‘radilar.

Kichkinaligimizdan olib bergan kitoblari esa ajoyib xotira bo‘lib qolgan. Oyim doim kitob yerda tursa, o‘ng qo‘ling bilan olib, tepaga qo‘y, hech qachon kitobni turtib ketma, kitob yirtildimi, darrov yamab qo‘ygin, chizma, yirtma deb takrorlashlari esimdan chiqmaydi. Aslida kitobga muhabbat shunaqa kichkina narsalardan boshlansa kerak. Oilada har birimizning kitob javonimiz bor. Oyim yoshliklarida o‘qigan ko‘p kitoblarini bizga tasvirlab beradilar. Qiziqqanimdan men ham o‘sha kitoblarni ko‘rgim, o‘qigim keladi. Ammo oyimning yoshliklarida kitob yig‘ish qiyin bo‘lgani uchun ular endi yo‘qligini aytadilar.

Hozir o‘zim o‘qigan har bir kitobimni javonimga olib qo‘yaman. Kelajakda farzandlarimga qaysidiri haqida gapirib bersam, mana shu o‘sha kitob edi, necha marta varaqlaganman, mana, qo‘llarimning izlari deb ko‘rsatishni niyat qilganman. Oxirgi ikki yilda javonimni to‘ldirish biroz sustlashdi. Olimpiadaga tayyorlanish jarayonida kamroq kitob o‘qidim. Lekin hech qachon ularni o‘qishni tashlab qo‘yolmayman.

— O‘zingiz uchun sevimli kitoblar qaysilar?

Allohning kalomi — Qur’oni Karim, Jeyms Klirning “Atom odatlar”, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Ijtimoiy odoblar” “Iymon”, Imom Zarjuniyning “Ilm olish sirlari”, Abdul Fattoh Abu G‘udda rahmatullohi alayhning “Ulamolar nazdida vaqtning qadri”, Svetlana Aleksiyevichning “Chernobil tavallosi” kitoblari, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, Primqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” va “Avlodlar dovoni” romanlari.

— Xotirangiz qanday?

— Alhamdulillah, nolimayman. Judayam yaxshi.

— Biologiyada yodlash muhimmi yoki mantiqiy fikrlay olish?

— Ikkalasi ham. Biologiyada matematik hisob-kitoblar ko‘p uchraydi. Hisoblashda yordam beradigan ko‘rsatkichlar ham ko‘p bo‘lgani sabab yodlash muhim ahamiyatga ega. Mantiqiy fikrlashingizdan oldin sizda u haqida tushuncha bo‘lishi kerak. Tushunchalar esa kerakli bilimni yodlash hisobiga keladi.

— Stressga chidamlimisiz?

— Ko‘pincha nimadir yutuqqa erishgan insonlarni tashqi zarbalarga kuchli, irodali deb o‘ylashadi. Lekin men kichkinaligimdan bo‘shangroq qiz bo‘lganman. Zarbalar, gaplarni haligacha ko‘tarolmayman. Darrov ko‘zimdan yosh chiqadi. Bo‘ldi, tashlab yuboraman, orqaga qaytaman deyman-u, lekin ota-onamning qo‘llab-quvvatlovlari, silab-siypab, qo‘limdan ushlab turg‘izib beradigan daldalari bilan o‘rnimdan turaman. Meni tanigan kimdan so‘rasangiz, yo‘q, u stressga chidolmaydi, deb aytadi. Ota-onamsiz hammasi qiyin. Lekin, har qanaqa sohada ham odam chidamli, irodasi mustahkam bo‘lishi kerak. Chunki qiyinchiliklar soha yoki inson tanlamaydi.

— Har bir maqsad amalga oshgach, yangisi qo‘yilaveradi. Endigi maqsad va rejalaringiz qanday? OTM va kasb borasidagi tanlovingizchi?

— Ilmni tashlab qo‘ymayman. Chunki o‘zim o‘qishni ham, o‘qitishni ham yaxshi ko‘raman. Ikki bora xalqaro olimpiadadan g‘oliblik menga O‘zbekistonga to‘la va bir qator chet el universitetlariga qisman imtihonsiz kirish imkonini berdi. Ya’ni, o‘zimizning universitetlarga birorta ham imtihonsiz kira olsam, chet el universitetlari bu tartibni o‘z xohishiga ko‘ra belgilaydi. Agar ular xalqaro olimpiadani tan olishsa, fan imtihonlaridan ozod etilib, suhbat yoki til bilish imtihonlaridan o‘tishim yoki talab qilingan joyga sertifikat topshirishim kerak bo‘ladi. Yana shu yili olgan Zulfiya nomidagi davlat mukofotim ham o‘zimizdagi universitetlarga imtiyoz beradi. Xudo xohlasa, Toshkent pediatriya tibbiyot institutida o‘qimoqchiman.

Birinchi kursligimda chet el grantlarini o‘rganib chiqmoqchiman. Lekin, bakalavr darajasi O‘zbekiston va menga ma’qul biror xalqaro universitetda bir xil bo‘lsa, albatta, magistratura yoki undan keyingi ta’limlarni chet elda olaman.

Hozir ham chet elga ketishga imkoniyatim bor. Men xohlagan, meni taklif qilayotgan institutlar uchun IELTS sertifikati bo‘lishi talab qilinadi. IELTS imtihoniga tayyorlanayotgan ham edim. Bir necha oy davomida vaqtimni to‘laligicha xalqaro olimpiada uchun sarflaganimdan to‘xtab qoldi. Imtihon ham topshirolmadim. Orada shundan yutqazib qo‘ydim. Yana boshqa variantlar ham bor. Masalan, Germaniyaning bir nechta institutlari til bilish sertifikatisiz ham suhbat asosida qabul qilishini bildirdi. Ammo ustozlarim bilan maslahatlashsam, ular va O‘zbekistondagi bakalavr o‘qitish tizimida deyarli farq yo‘qligini aytishdi. Shu sababdan ham hozircha o‘zimizda o‘qishga qaror qildim. Orada kichkina maqsadlarim bor. Endi ularga ham erishsam, oydinlashaveradi.

Kasb borasida esa allaqachonlar aniq to‘xtamga kelganman. Neyrojarroh bo‘laman. Buni tanlashimga oilamizning boshidan o‘tgan ayrim sinovlar sabab bo‘lgan. Biz juda kichkinaligimizda oyimning tishlari qattiq og‘rirdi. Jonlari azoblanganini ko‘rib, siqilib ketardik. Ularga oyi, men katta bo‘lsam stomatolog bo‘laman, tishlaringiz boshqa og‘rimaydi, derdim. Oyim esa, mayli qizim, deb qo‘yardilar. Oradan qanchadir vaqt o‘tib dadamning qo‘l nervlari shamollab, qattiq og‘riy boshladi. Hammamiz xavotir olar, Xudodan shifo so‘rardik. Dadamning qiynalganlarini ko‘rgan oyim, qizim, stomatolog emas, neyrojarroh bo‘lasanmi, dedilar. Bo‘laman, oyi, deb tasdiqladim. Shu bilan nerv nima, jarrohlik nima, nervning butun organizmga qanday ta’siri borligiga qiziqib ketdim. Va o‘zimni aynan neyrojarrohlikda ko‘ra oldim.

Ma’lumot o‘rnida, prezidentning 2019 yil 3 maydagi [PQ-4306-sonli] qaroriga asosan O‘zbekiston va xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, ularning o‘qituvchi hamda direktorlari ma’lum miqdordagi mukofot pullari va g‘oliblarning o‘ziga turli imtiyozlar beriladi.

Ziyoda Ramazonova suhbatlashdi.