Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot va kiberxavfsizlikning ta’minlanganligi holati bo‘yicha 2022 yilning 2-choragi yakuniy natijalari reytingi e’lon qilindi.

Baholash axborot va kiberxavfsizlik monitoringi tizimidagi tashkilotlar taqdim etgan ma’lumotlarga asoslandi, deya xabar bermoqda «Kiberxavfsizlik markazi» DUK matbuot xizmati.

Axborot va kiberxavfsizlik ta’minlangan Top-10 tashkilotlar ro‘yxati:

  1. Adliya vazirligi — 97.3 ball;
  2. Markaziy bank — 97 ball;
  3. Davlat statistika qo‘mitasi — 95.2 ball;
  4. Davlat bojxona qo‘mitasi — 95.1 ball;
  5. O‘zsanoatqurilishbank" aksiyadorlik tijorat banki — 95.1 ball;
  6. Farg‘ona viloyati xokimligi — 94.6 ball;
  7. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi — 92.6 ball;
  8. Navoiy kon-metallurgiya kombinati — 92.3 ball;
  9. Toshkent shahar xokimligi — 91.9 ball;
  10. Namangan viloyati xokimligi — 91.7 ball.

Eslatib o‘tamiz, prezident aprel oyi o‘rtalarida «Kiberxavfsizlik to‘g‘risida»gi qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, davlat organlarining axborot resurslari va tizimlari majburiy tartibda kiberxavfsizlik ekspertizasidan o‘tkaziladi. DXX esa kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi.

Iyun o‘rtalarida IIV Kiberxavfizlik markazi rahbari so‘nggi uch yilda kiberjinoyatlar soni 8,3 baravarga ortib ketganini ma’lum qilgandi. «Hozirgi kunda bank mijozlarining shaxsiy ma’lumotlarini olgan holda mikrokredit rasmiylashtirish holatlari juda kuchayib boryapti», — degandi Behzod Mamajonov.