2021 yil 6 oktabr kuni O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi. Assotsiatsiyasi raisi Oybek Norinbayev «Gazeta.uz»ga ushbu assotsiatsiyani tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, tashkilot oldida turgan vazifalar, shuningdek, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida ma’lumot berdi.

Xususan, assotsiatsiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, milliy va an’anaviy sport turlarini, xalq o‘yinlarini tiklash, rivojlantirish, ularning yagona tartib-qoidalarini ishlab chiqish hamda tatbiq etish, shuningdek aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish Etnosport assotsiatsiyasining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.

«Ota-bobolarimiz, momolarimiz o‘ynab kelgan qadimiy milliy o‘yinlarimiz son jihatidan ham salmoqlidir. Ular oddiy o‘yin emas, aksincha asrlar mobaynida sayqallanib, xalqchil o‘yin sifatida bizgacha yetib kelgan. Aks holda ajdodlarimiz ularni shu davrgacha meros sifatida olib kelmagan bo‘lar edi», — deydi u.

Ajdodlar hayotida o‘z o‘rnini egallagan xalq o‘yinlarini bugungi innovatsion texnika asri jamiyat hayotidan siqib chiqarmoqda. Shu bois unutilishga mahkum bo‘lgan milliy sport turlarini xalqning ichidan topib, ularni kelajak avlodlarga yetkazish uchun tashlanadigan har bir harakatga insoniy va milliy burch sifatida qarashimiz davr talabi bo‘lib qolmoqda.

«Xalq orasida yuzlab o‘yinlarimiz mavjud bo‘lganki, ularning har biri o‘ziga xos jismoniy va ma’naviy ahamiyatga ega. Ajdodlarimiz hayoti davomida mashg‘ul bo‘lib kelgan har bir milliy sport turlarida oriyat va halollik kabi insoniy xislatlar mujassamdir. Xalq o‘yinlarimiz qonun-qoidalari va shaklu shamoyili bilan ham shu qadar mukammal shakllanganki, deyarli barcha milliy sport turlarimizni hakamlarsiz o‘ynash va undan zavqlanish mumkin bo‘lgan», — deya ta’kidladi Oybek Norinboyev.

Milliy sport turlaridan kurash, belbog‘li kurash, o‘zbek jang san’ati, Turon yakkakurashi, qarabtep va uloq-ko‘pkari kabilari xalqaro sport turlari qatoridan joy olib bo‘ldi. Bugungi kunda ushbu sport turlari bo‘yicha butun dunyo bellashmoqda.

«Biz shu joyda to‘xtab qolmasdan milliy xalq o‘yinlarimizni dunyoga olib chiqishda davom etamiz. Bu borada qadimiy qadriyatlarimiz — xalq o‘yinlari va milliy sport turlarimizga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotganini ham e’tirof etishimiz kerak», — dedi assotsiatsiya raisi.

Shu maqsadda joriy yil 25 may kuni prezidentning «Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi. Qarorda etnosport turlarini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi batafsil ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, tegishliligi bo‘yicha vazirlik, idora va hududiy hokimliklarga bu yo‘nalishda ko‘rsatmalar alohida belgilab qo‘yilgan.

2023 yildan boshlab etnosport turlari bo‘yicha Uzbekistan Ethno Games respublika festivalini har yil Toshkent shahrida o‘tkazish belgilangan bo‘lsa, har ikki yilda bir marotaba Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalini tashkil etish ham qarorda ko‘rsatilib o‘tilgan.

Shuningdek, barcha ta’lim muassasalarida milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining mohiyati va ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy-axloqiy jihatdan o‘rni haqida tushunchalar berib borilishi ham ko‘rsatib o‘tildi. Bu tushunchalar jismoniy tarbiya darslari hamda ma’naviyat soatlarida o‘tilishi aytildi.

O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasiga aholining barcha qatlamlarini etnosport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, mahallalarda etnosport turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalarni o‘tkazish hamda Butunjahon etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifalari topshirildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi Butunjahon etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Yaqinda konfederatsiya prezidenti Bilol Erdo‘g‘on shaxsan o‘zi kelib, O‘zbekistonda etnosport turlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, u O‘zbekiston xalq o‘yinlari va milliy sport turlarining tarixi, qonun-qoidalarini o‘zida aks ettirgan «O‘zbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq o‘yinlari ensiklopediyasi»ning qisqa muddatda chop etilishiga yuqori baho berdi.

Etnosport turlari 9 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, shu kungacha xalq orasidan topilgan milliy sport turlari soni 198 tani tashkil etmoqda.

«O‘zbekistonda etnosportni rivojlantirish va ommalashtirish borasida qo‘yilgan maqsadlardan kelib chiqib, shuni aytamanki, oldinda hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarimiz ko‘p», — deya fikriga yakun yasadi Oybek Norinbayev.