O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Chennay (Hindiston) shahrida o‘tkazilayotgan 44-shaxmat Olimpiadasining sakkizinchi turida Germaniya terma jamoasini mag‘lub etdi. 6 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2,5:1,5 hisobida yakunlangandi.

Germaniya terma jamoasining o‘rtacha reytingi (2662) O‘zbekistonnikidan (2606) yuqoriroq.

17 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorov (2688) g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori bo‘lishiga qaramasdan, 17 yoshli Vinsent Kaymerga (2686) qarshi qora donalarda durang o‘ynadi.

16 yoshli Javohir Sindarov (2629) va 25 yoshli Rasmus Svane (2649) o‘yini hamda 27 yoshli Jahongir Vohidov (2564) va 46 yoshli Liviu-Diter Nisipeanu (2642) bahsida ham g‘olib aniqlanmadi.

Uchrashuvdagi g‘alabani 20 yoshli Nodirbek Yoqubboyev (2620) olib keldi, u matdan bir necha qadam oldin 25 yoshli Mattias Blyubaumni (2673) taslim bo‘lishga majbur qila oldi.

Sakkizinchi tur yakunlariga ko‘ra, 14 ochko jamg‘argan O‘zbekiston 188 ta jamoa ishtirok etayotgan turnir jadvalida uchinchi o‘ringa tushib ketdi. Hindiston-2 jamoasi AQSh ustidan qozonilgan g‘alaba (3:1) evaziga o‘zbekistonliklardan o‘zib keta oldi.

Keyingi turda O‘zbekiston shaxmatchilari 15 ochko (7 g‘alaba, 1 durang) bilan turnir jadvalida ham peshqadamlik qilayotgan Armaniston bilan to‘qnash kelishadi. E’tiborlisi, Olimpiada yakunlanishiga uch tur qolganda faqat shu ikki jamoa mag‘lubiyatsiz qolmoqda.

Armaniston terma jamoasining o‘rtacha reytingi (2637) O‘zbekiston terma jamoasidan (2606) biroz yuqoriroq.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi (2094) Shimoliy Makedoniyani (1863) 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.

21 yoshli Nilufar Yoqubboyeva (2299) Monika Stoykovskaga (2091) imkoniyatni boy berdi.

16 yoshli Umida Omonova (2195) Manova Ivanni (1849) mag‘lub etib, hisobni tenglashtirdi.

16 yoshli Maftuna Bobomurodova (1914) va Dragan Nikolovska (1876)bahsida g‘olib aniqlanmadi.

13 yoshli Afruz Hamdamova (1969) hal qiluvchi bahsda Lea Eftovskani (1634) ortda qoldirib, O‘zbekistonga g‘alaba keltirdi.

Terma jamoa 164 ta jamoa ichida 10 ochko jamg‘argan holda 40-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Keyingi turda shaxmatchilar 29-o‘rinda borayotgan Isroil bilan to‘qnash kelishadi.