Hukumatning 5 avgustdagi qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalanadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Belgilangan nizomga ko‘ra, advokatlik faoliyatini litsenziyalash quyidagi ixtisosliklar bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish;
  • ma’muriy va jinoiy sud ishlarini yuritish.

Har bir advokat tegishli ixtisoslikni mustaqil tanlaydi va u bo‘yicha malaka imtihoni topshiradi. Talabgor litsenziya olish uchun quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak:

  • O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish;
  • oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lish;
  • yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida 2 yil ish stajiga ega bo‘lish;
  • advokatlik tuzilmasida kamida 3 oy stajirovka o‘tagan bo‘lish;
  • malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan bo‘lish.

Litsenziyani “Litsenziya” AT yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron portalga har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida ariza yuborib olish mumkin.

Imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor litsenziya olish uchun 3 oy ichida tegishli litsenziyalovchi organ (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari)ga murojaat qilishi kerak. Olingan litsenziya talabgorning doimiy yashash joyi bo‘yicha cheklanmagan muddatga beriladi va O‘zbekistonning butun hududida amal qiladi.

Arizani ko‘rib chiqish uchun BHMning 50 foizi (150 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im to‘langach, ariza avtomatik tarzda talabgorning doimiy yashash joyidagi litsenziyalovchi organga yuboriladi va 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Uni berish to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, talabgorga xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma yuborilgan kundan boshlab 3 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga davlat boji (BHMning 1 baravari — 300 ming so‘m) to‘laydi. Davlat boji to‘langach, talabgorga elektron shaklda QR-kod qo‘yilgan litsenziya yuboriladi.