O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilishga oid qonun loyihasi va tizimi tayyor. Bu haqda 4 avgust kuni Senatning yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ma’lum qildi.

Prezident farmoni bilan 1 yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi kerak edi.

Hujjatda, shuningdek, 2021 yil 1 dekabrgacha daromadlar va mol-mulk to‘g‘risidagi deklaratsiyalar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularni qayta ishlash va tekshirish uchun elektron axborot tizimini yaratish, so‘ngra ushbu ma’lumotlar bazasini soliq va bojxona organlari ma’lumotlar bazalari, davlat kadastri va boshqa tegishli organlar bilan birlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgandi.

Senatorlarning yuklatilgan vazifalar ijrosiga oid savoliga javob berar ekan, Akmal Burxonov qonun loyihasi xalqaro, shu jumladan Jahon banki ekspertlari takliflari asosida allaqachon ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik «Davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiyadan o‘tkazish» tizimining texnik pasporti va konsepsiyasini ishlab chiqqan hamda tizim foydalanishga tayyor.

«Hozir biz tizimni yaratib qo‘yganmiz. Qonun qabul qilinib, kuchga kirishi bilan bu tizimni ham ishlab ketishiga sharoitlarni yaratdik», — dedi Antikorrupsiya agentligi rahbari.

Uning ta’kidlashicha, mazkur tizimning boshqa xorijiy davlatlarning tajribasidan eng katta farqi — O‘zbekistonda siyosiy iroda bo‘lganligi uchun barcha vazirlik va idoralar o‘zlarining bazalariga ulanish imkoniyatini berishdi.

«Ya’ni, endi davlat xizmatchilari o‘zlarining ism va familiyalarini kiritsalar bo‘ldi, ularning to‘liq mol-mulki va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda chiqib keladigan tizim yaratildi. Inson omilini qisqartirishga qaratilgan tizim yaratildi. O‘ylaymanki, o‘sha qonunlarimiz qabul qilinsa, bu tizim ham ishga tushishi ta’minlanadi», — dedi Akmal Burxonov.

Keyinchalik jurnalistlarga bergan intervyusida agentlik direktori «tizimning ishlashi uchun texnik imkoniyatlar tayyor», ammo qonun loyihasi hanuz «oxiriga yetkazilmoqda», deya ta’kidladi.

«Ushbu loyihani xalqaro tashkilotlarga ikki marta taqdim etganimizda, ularda e’tirozlar paydo bo‘ldi. Hujjat takliflar va tavsiyalar asosida takomillashtirilmoqda», — dedi u.

Agentlik rahbari may oyida Senat tomonidan ma’qullangan, ammo prezident tomonidan hali imzolanmagan «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonun davlat rahbari tomonidan imzolangach, oradan olti oy o‘tib kuchga kirishini aytdi. Shu bilan birga, hujjatda majburiy deklaratsiya tizimi alohida qonun bilan tartibga solinishi ko‘zda tutilgan.

«Biz imkon qadar Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun kuchga kirguncha ushbu tizim uchun huquqiy asos yaratishga harakat qilamiz», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, daromadlarni deklaratsiyalashni ko‘zda tutuvchi Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun 2017 yilning sentabr oyida qabul qilinishi rejalashtirilgandi, biroq bu muddat bir necha marta keyinga qoldirildi. Jumladan, 2020 yilning 1 yanvaridan va 2021 yilning 1 yanvaridan kabi muddatlar aytildi. 2021 yilning may oyi oxirlarida Akmal Burxonov prezident davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qildi.