Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning 39 foizi pora berishni korrupsiya deb hisoblamasliklarini bildirishgan. Bu haqda 4 avgust kuni Senatning yalpi majlisida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy ma’ruza bilan chiqish qilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ma’lum qildi. So‘rovda jami 16189 nafar respondentlar qatnashgan.

Senator Mahmud Parpiyevning aytishicha, bu ko‘rsatkich sohada jamoatchilik bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ko‘plab ishlardan dalolat beradi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari amalga oshirilgan ishlar natijasida, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanganini ta’kidladi.

Transparency International tashkilotining 2021 yilgi korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 28 ball bilan 140-o‘rinni egalladi. Yil davomida mamlakat 6 pog‘onaga ko‘tarilib, natijalarini 2 pog‘onaga yaxshilagan — 2020 yilda 146-o‘rinni egallagan. 2019 yilda mamlakat 153-, 2018 yilda 158-, 2017 yilda 157-, 2016 yilda 156-o‘rinni egallagan.

U, shuningdek, World Justice Project xalqaro nohukumat tashkilotining huquq ustuvorligi indeksida, ochiqlik va shaffoflik bo‘yicha Open Data Inventory (ODIN) reytingida, Trace Bribery Risk Matrix poraxo‘rlik matritsasida va Jahon Boshqaruv sifati indikatorlari (Jahon bankining WGI)da ham ko‘rsatkichlar yaxshilanganini ma’lum qildi.

«Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda ushbu reytinglarning aksariyatida O‘zbekiston barqaror o‘sishni qayd etib kelayotgan kam sonli davlatlardan biri», — Akmal Burxonov.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, korrupsiya muammosi mamlakatda haligacha dolzarb bo‘lib qolayotganinini qayd etdi. Xususan, aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 36 foiz aholi korrupsiya, poraxo‘rlik va ta’magirlik hamma joyda mavjud deb hisoblasa, 37 foizi ayrim sohalarda korrupsiyaga oid jinoyatlar mavjud, degan fikrda.

Iyun o‘rtalarida Antikorrupsiya agentligi rahbar bank tizimi ta’lim sohasidan keyin eng korrupsiyalashgan tarmoq bo‘lib qolayotganini ma’lum qilgandi. Ikki yilda 676 nafar bank xodimi 354,2 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan. «Bu raqamlar islohotlarga soya solmoqda va xalq ishonchiga putur yetishiga sabab bo‘lmoqda», — dedi Akmal Burxonov.