Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “To‘dako‘l” dam olish bazasi hududida Xalqaro shaxmat maktabi tashkil qilinadi. Bu prezidentning 4 avgustdagi qarorida qayd etilgan.

Xalqaro maktabda Shaxmat olimpiadasi va Osiyo o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqa musobaqalarda qatnashuvchi xalqaro darajadagi shaxmatchilar tayyorlanadi. Ularni o‘qitishga malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilar, shu jumladan, jahonning mashhur xalqaro grossmeysterlari jalb etiladi.

O‘quv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalar joriy etiladi. Bu yo‘l bilan shaxmatchilarni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifati oshirib boriladi. Trenerlar hamda shaxmatchilarning kasb mahorati darajasini oshirish uchun tajriba almashish bo‘yicha xorijiy shaxmat maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlik qilinadi.

Xalqaro shaxmat maktabi davlat budjeti mablag‘lari, faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va maktabning ustavidagi vazifalarga muvofiq bo‘lgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtiriladi.

Shuningdek, 2023 yildan boshlab shaxmat bo‘yicha har yili tizimli ravishda quyidagilar o‘tkaziladi:

  • Yoshlar o‘rtasida barcha hududlarda “Rokirovka” turniri;
  • Keksa avlod vakillari o‘rtasida “Nuroniylar” kubogi;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida “Cheksiz imkon” turniri;
  • 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan “Women's Chess Championship” xalqaro turniri (mukofot fondi 50 000 AQSh dollari);
  • Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar shaxmatchilari o‘rtasida an’anaviy “Uzbekistan Chess Open” xalqaro turniri.

Avvalroq, shaxmat bo‘yicha xalqaro turnir sovrindorlari va ularning trenerlariga ham pul mukofoti berilishi habar qilingandi.