Hukumatning 3 avgustdagi [427-son] qarori bilan Aliment to‘lovlari jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, qaysi holatda bolalarga Aliment to‘lovlari jamg‘armasidan aliment to‘lash tartibi belgilab berildi. Prezidentning 7 martdagi [PF-87-son] farmoni bilan ushbu maqsadlar uchun jamg‘armaga 50 mlrd so‘m ajratilishi belgilangandi.

Nizomga ko‘ra, Jamg‘arma mablag‘lari voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda ushbu jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplab berish uchun jamg‘arma mablag‘laridan undiruvchiga biryo‘la to‘lanadi.

Aliment to‘lovlarini qoplab berish uchun majburiy ijro harakatini amalga oshirgan davlat ijrochisining aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qarori asos bo‘lib hisoblanadi.️

Aliment to‘lovlari qaror olingan kundan boshlab 2 ish kunidan kechiktirilmagan holda amalga oshiriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari aliment to‘lovlarini qoplab berish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, aliment to‘lovlari mablag‘lar kelib tushgan kundan boshlab qoplanadi.

Davlat ijrochisi jamg‘armadan qoplangan aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdordan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha ijro harakatlarini amalga oshiradi.

Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmagan mablag‘lari budjetga olib qo‘yilmaydi va ulardan keyingi davrda foydalaniladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda mart boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilgandi. O‘shanda 172 ming nafar ota o‘z farzandi uchun aliment to‘lamagani, bugungi kunda jami 115 mlrd so‘m qarzdorlik mavjudligini tanqid qildi.