Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 avgust kuni surishtiruv va tergov organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tegishli idoralar mutasaddilari tergov va dastlabki surishtiruvlarni olib borishdagi muammoli omillar, yangi paydo bo‘layotgan tahdid va jinoyat turlarini hisobga olgan holda tergovchi kadrlarning salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Xususan, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar, iqtisodiy jinoyatchilik hamda kibermakonda yoki axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha faoliyatning metodik ta’minotini takomillashtirish muhimligi alohida qayd etildi.

Davlat rahbari zamon talablari va xalqaro standartlar asosida surishtiruv hamda tergov idoralari uchun professional kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini uzluksiz oshirib borishning yangi samarali tizimini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yevgeniy Kolenko (chapdan ikkinchi). Foto: prezident matbuot xizmati.

Bosh prokuratura akademiyasi rahbari Yevgeniy Kolenko «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida dastlabki tergov organlari oldiga zamonaviy, yuqori malakali tergovchilar korpusini shakllantirish vazifasi qo‘yilganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda tergovchilarni tayyorlash va ularning kasbiy malakalarini oshirish bo‘yicha yagona markazlashtirilgan tizim mavjud emas. Qolaversa, yagona uslubiy baza hamda zamonaviy tahdid va tahdidlarga munosib javob yo‘q.

Yevgeniy Kolenko kibermakonda jinoyatchilik darajasi o‘sganini qayd etdi. «Albatta, zamonaviy tergovchi ushbu jinoyatlarni to‘g‘ri aniqlash va tergov qilish, elektron dalillar bilan ishlash uchun tegishli vakolatlarga ega bo‘lishi kerak. Bu prezidentimiz tomonidan oldimizga qo‘yilgan vazifalardir», — dedi u.

Bosh prokuratura akademiyasi rahbari tergovchilarning ixtisoslashuvi masalasi ham alohida muhokama qilinganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tor doiradagi, muayyan sohadagi jinoyatlarni yuqori professional darajada tergov qilishga qodir mutaxassislarni shakllantirish mexanizmlari mavjud emas.