Senatning 29-yalpi majlisida senatorlar «Davlat tashqi qarzi to‘g‘risida»gi qonunni ko‘rib chiqishdi. Hujjatda davlat qarzining eng yuqori miqdorini YAIMning 60 foizidan oshmasligi belgilab berilgan.

Senatorlar savoliga javob berarkan moliya vaziri o‘rinbosari Odiljon Isakov bu ko‘rsatkich oldinga qo‘yilgan maqsad emasligini ma’lum qildi.

«Bu limit yuqori chegara, maqsad emas. Hozirgi kunda davlat qarzining YAIMga nisbati 37 foizni tashkil qilyapti. Yil oxiriga borib, bu 40 foiz atrofida bo‘lishi kutilyapti. Ya’ni, biz yana 20 foiz bufer olganmiz», — dedi u.

Foto: Senat matbuot xizmati.

Moliya vazirligi vakili shuningdek, bunga nima sabab bo‘lgani ham tushuntirdi.

«Sababi 2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli tashqi qarz mablag‘larini rejaga nisbatan ko‘proq jalb qildik. Shu bilan birgalikda, YAIM o‘sish suratlari ham kutilgandan kamroq bo‘ldi. Bu butun dunyoda teskari o‘sishda bo‘lganda ham O‘zbekistonda 1,7 foiz o‘sishga erishildi. Shunday bo‘lsa ham o‘shanda qarzning YAIMga nisbati qariyb 10 foizga oshib ketdi. Biz o‘shanda kamida 10 foiz bufer kerak ekan deb xulosa qildik», — dedi Odiljon Isakov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunda qarzning YAIMga nisbati 50 foizga yetganida Vazirlar Mahkamasi parlamentga mana shu qarzni kamaytirish yuzasidan o‘zining taklifini kiritishi ham belgilangan. «Biz uchun aslida „potolok“ 60 emas, balki 50 foiz», dedi u.

1 iyul holatiga O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 25,9 mlrd dollarga yetdi, dedi moliya vaziri o‘rinbosari.

«Shundan 23,2 mlrd dollari davlat tashqi qarzi hisoblanadi. Bu asosan budjetni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalariga yo‘naltirilgan», — dedi u.

Tashqi qarz yo‘naltirilgan sohalar:

  • budjetni qo‘llab-quvvatlashga — 6 mlrd dollar;
  • Yoqilg‘i-energetika sohasiga — 5,6 mlrd dollar;
  • Transport va transport infratuzilmasiga — 2,5 mlrd dollar;
  • Qishloq va suv xo‘jaligiga — 2,4 mlrd dollar;
  • Uy-joy kommunal xo‘jaligiga — 2,2 mlrd dollar;
  • Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga — 1,5 mlrd dollar;
  • Kimyo sanoatiga — 1,1 mlrd dollar;
  • Ta’lim va sog‘liqni saqlashga — 700 mln dollar;
  • Boshqa strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga — 1 mlrd dollar.

Moliya vaziri o‘rinbosari senatorlarning savollariga javob berar ekan, tashqi qarz nimaning hisobiga to‘lanishiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Odiljon Isakov. Foto: Senat matbuot xizmati.

«budjetni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy soha, mudofaa maqsadida olingan qarz mablag‘lari davlat budjetidan so‘ndiriladi. Bu ham foiziga, ham qarzning asosiy qismiga taalluqli. Lekin, iqtisodiyotimizni, transport, yoqilg‘i-energetika, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun olingan qarzlar qayta kreditlangan yoki davlat kafolati taqdim qilingan. Ikkala holatda ham loyihadan manfaatdor bo‘lgan davlat korxonasi yoki banklar tarafidan mazkur qarz to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijdagi bankka yoki Moliya vazirligi orqali to‘lanadi», — dedi Odiljon Isakov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunda qarzlar davlat budjetiga yuk bo‘lib tushmaydi.

Muhokamalar yakunida senatorlar «Davlat qarzi to‘g‘risida» qonunni ma’qulladi. Hujjat bilan Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda.