O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Chennay (Hindiston) shahrida o‘tkazilayotgan 44-shaxmat olimpiadasining oltinchi turida Hindiston jamoasi bilan durang o‘ynadi. 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi.

Hindiston termasining o‘rtacha reytingi (2690) O‘zbekistonnikidan (2622) yuqoriroq edi.

17 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorov (2688) Pentala Xarikrishnaga (2720) oq donalarda yutqazib qo‘ydi. Bu o‘zbekistonlik shaxmatchining turnirdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi.

20 yoshli Nodirbek Yakubbayev (2620) 27 yoshli Vidit Gujrati (2714) bilan, 16 yoshli Javohir Sindarov (2629) 18 yoshli Arjun Erigaysi (2689) bilan durang o‘ynadi.

20 yoshli Shamsiddin Vohidov (2552) 41 yoshli Krishnan Sashikiranni (2638) mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: chess-results.com.

Oltinchi tur yakunlariga ko‘ra, 10 ochko jamg‘argan O‘zbekiston termasi 188 ta jamoa ishtirok etayotgan turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Keyingi turda shaxmatchilar 10 ochko (5 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat) bilan 13-o‘rinni egallab turgan perulik shaxmatchilar bilan dona surishadi. Peru jamoasi a’zolari bungacha Bahrayn (4:0), Zimbabve (3:1), Venesuyela (2,5:1,5), Andorra (2,5:1,5), Xorvatiya (2,5:1,5) termalarini mag‘lub etib, Gvatemalaga (1,5:2,5) imkoniyatni boy bergandi.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa (1959) shotlandiyalik (1736) qizlardan yirik — 4:0 hisobda ustun keldi. Umida Omonova, Maftuna Bobomurodova, Afruza Hamdamova va Marjona Malikovalar raqiblarini qiyinchiliksiz mag‘lub etishdi.

Ayollar termasi 164 ta jamoa ichida 8 ochko jamg‘argan holda 37-o‘rinda bormoqda. Ular keyingi turda 35-o‘rinda borayotgan serbiyalik qizlar bilan bahslashadi.