Rossiyadagi inflyatsiya O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun Turkiyadagi narxlarning oshishiga qaraganda ko‘proq xavf tug‘diradi. Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari shunday xulosaga keldi.

O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 17,9 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi (Turkiya — 8,1 foiz). Xususan, O‘zbekiston Rossiyadan 5,46 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar import qilgan, 2,06 mlrd dollarlik eksport qilgan. Turkiya bilan savdo aloqalarida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 1,7 mlrd va 1,69 mlrd dollarni tashkil etadi.

2021 yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 10 foizni tashkil qildi. Bunda Rossiyada inflyatsiya darajasi (2021 yilda 6,7 foiz) O‘zbekistonda inflyatsiyaning 0,78 foiz bandga oshishiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Rossiyadan import qilinadigan xom-ashyo tovarlari narxlar o‘sishi O‘zbekistondagi ishlab chiqarish xarajatlarining 0,6 foiz bandga oshishiga olib kelgan (tarmoqlararo o‘zaro ta’sirlardan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri hisobga olingan).

Turkiyadan farqli ravishda (Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda turk lirasining devalvatsiyasi 60,4 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda), bu yil rubl qadrining zaiflashishi (devalvatsiyasi) emas, balki uning mustahkamlanishi kutilmoqda. Yil davomida rublning AQSh dollariga nisbatan kursi 74,29 rubldan 60,20 rublgacha mustahkamlandi). Bunday sharoitda Rossiyadagi inflyatsiya darajasi O‘zbekistonda narxlar barqarorligiga Turkiyadagi narxlarning ko‘tarilishiga qaraganda ko‘proq bosim ko‘rsatadi.

2022 yilda Rossiyada rubl qadrining 28,4 foizga ortishi hamda inflyatsiya darajasining 21,3 foizga yetishi (Turkiyada — 60,4 foiz),kutilayotganligini hisobga olinsa, Rossiya tovarlari jahon bozoriga 69.41 foiz qimmatroq chiqishi mumkin (Turkiyada — 1,8 foiz). Buning oqibatida 2022 yilda Rossiyada narxlar oshishining O‘zbekistonga ta’siri 6 foiz punktigacha yetishi mumkin. (Rossiyadan import qilinayotgan mahsulotlarning tarkibi va hajmi o‘zgarmagan taqdirda).

Bu xavfning sababi, shuningdek, O‘zbekistonning umumiy importida Rossiyaning ulushi (2021 yilda 21,4 foiz) Turkiyaning ulushu (6,7 foiz) ga qaraganda ancha yuqori ekanligi bilan bog‘liq, degan xulosaga keldi PMTI ekspertlari.

Qayd etilishicha, ushbu omil inflyatsiyani tezlashtirishdan tashqari, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi savdo balansiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shusiz ham muvozanatlashmagan to‘lov balansini yanada kuchaytirishi ehtimoldan yiroq emas. Bu esa o‘z navbatida milliy valyuta barqarorligiga qo‘shimcha ta’sirni yuzaga keltiradi.

Masalan, 2021 yilda O‘zbekiston Rossiyadan umumiy qiymati 5,46 mlrd dollarga teng mahsulot import qilgan. Bu 2021 yil kursi bo‘yicha 402,5 mlrd rublga teng. Importning hajmi va tarkibi o‘zgarishsiz qolishi taxmin qilinsa, bugungi kunda mazkur import 8 mlrd dollarga aylanadi. Eksport o‘zgarmasdan qolsa, savdo balansi yomonlashishi mumkin.

️2022 yil 1-yarim yillik yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiyadan importi 2,85 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, eksport hajmi 1,22 mlrd dollarga yetdi (defitsit — 1,63 mlrd dollar).

Rossiyada narxlarning oshishi tufayli O‘zbekistonda tannarx inflyatsiyasining o‘sishi birinchi navbatda Rossiyadan xom ashyo va oraliq mahsulotlarni import qiluvchilarga ta’sir qiladi. Boz ustiga, kompaniyalar ushbu hisob-kitoblardan yanada maqbulroq qisqa va o‘rta muddatli qarorlarni qabul qilishda foydalanishi mumkin.