3 avgust kuni Namangan hamda Xorazm viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ikki nafar 5 yoshli tarbiyalanuvchi vafot etdi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Namangan viloyatidagi holatda 1 avgust kuni Chust tumanidagi 64-sonli davlat MTTga qabul qilingan bola, uyqu vaqtidan so‘ng vafot etgan.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, bolakay kun tartibiga ko‘ra tushlik qilgan va gigiyena qoidalariga amal qilgach barcha tarbiyalanuvchilar qatori uxlashga yotgan.

Tarbiyachi uyqudan uyg‘onish vaqti bo‘lganda avval qiz bolalarni so‘ngra o‘g‘il bolalarni hojatga olib chiqish uchun uyqudan uyg‘otgan. Lekin bola boshini ko‘targan va yana yotib olgan. Tarbiyachi qizlarni hojatdan olib kelib A.Sh.ni uyg‘otgan, shunda bola tilini chaynab yuborganini ko‘rgan va zudlik bilan hamshirani oldiga birinchi yordam ko‘rsatish uchun ko‘tarib olib chiqqan.

Hamshira esa bolaga birinchi tibbiy yordamni qilib zaruriy muolajalarni amalga oshirgan va tez tibbiy yordamga xabar bergan. Tibbiyot xodimlarining harakatlariga qaramay bola vafot etgan. O‘lim haqidagi ma’lumotnomaga asosan «J22 Quyi nafas yo‘llarining aniqlanmagan o‘tkir respirator infeksiyasi» va «J81 O‘pka shishishi» o‘lim sababi etib ko‘rsatilgan.

2 avgust kuni Namangan viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tezkor guruhi tomonidan dastlabki o‘rganish o‘tkazilgan. Hozirda holat yuzasidan tergov ishlari amalga oshirilmoqda.

Xorazm viloyatida kuzatilgan baxtsiz hodisada ham 5 yoshli bola tobi qochib vafot etgan. Xonqa tumanidagi «Toma» mahallasida joylashgan 24-son davlat MTTda tarbiyalanuvchi O‘.Sh.A tushlikdan so‘ng, mazasi bo‘lmagani sababli zudlik bilan tez yordam chaqirilgan. Biroq, bolaning vafot etgani ma’lum qilindi.

Holat bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza va huquqni muhofaza quluvchi tashkilotlar xulosasi berilgach, to‘liq bayonot e’lon qilinishi qayd etildi.