Mustaqillik bayrami arafasida o‘zbekistonliklar ketma-ket 4 kun dam oladi

O‘zbekistonliklar mustaqillikning 31 yilligini nishonlash arafasida ish haftasidan qat’iy nazar ketma-ket 4 kun — 1 sentabrdan 4 sentabrga qadar dam olishi kutilmoqda.

Senatning navbatdagi yalpi majlisi 4 avgust kuni chaqiriladi

Senatning 29-yalpi majlisi payshanba kuni chaqiriladi. Unda Uy-joy kodeksini tasdiqlash, Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish, Davlat qarzi to‘g‘risidagi va boshqa qonunlar muhokama qilinadi. Hukumat va IIVning axboroti eshitiladi, Antikorrupsiya agentligi va Buxoro viloyati hokimining ma’ruzasi ko‘rib chiqiladi.

Toshkentda maktab o‘quvchisini jinsiy aloqaga majburlagan erkaklar ozodlikka chiqarildi

Toshkentdagi maktabda 14 yoshli qizni jinsiy aloqaga majburlagan uch erkak shartli ravishda ozod qilindi. 4 yilga qamalgan sobiq jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hukmdan 12 oy, uning ikki tanishi esa — yarim yil o‘tgach ozodlikka chiqdi. Qizning onasi esa bir yildan ko‘proq vaqtdan beri adolatga erishishga urinayapti.

Toshkentda o‘quvchi maktab devori bosib qolishi oqibatida vafot etdi

Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 234-sonli maktabda o‘quvchini devor bosib qolgani, maktab ma’muriyati esa o‘quvchining o‘limini yashirishga uringani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, hozirda qo‘shimcha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Namangan va Xorazmdagi bog‘chalarda ikki nafar 5 yoshli bola vafot etdi

Namanganning Chust tumanidagi bog‘chaga kelgan 5 yoshli tarbiyalanuvchi uyqudan turayotgan vaqtida tilini chaynab yuborganligi tufayli vafot etdi. Xorazmning Xonqa tumanidagi bog‘chada esa 5 yoshli bolakay tushlikdan so‘ng, mazasi qochib, vafot etdi. Mazkur holatlar yuzasidan tergov olib borilmoqda.

Xodimlarni xizmat safarlariga yuborishning yangi tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan xizmat safari uchun transport, mehmonxona va boshqa xarajatlarining cheklangan miqdori belgilandi. Qolaversa, ayrim toifadagi ishchilardan tashqari boshqa xodimlar 30 kundan ortiq safarda bo‘lishi taqiqlanmoqda. Xarajatlarni onlayn yuritish uchun maxsus dastur va mobil ilova ishlab chiqiladi.

Abituriyentlar chet tilidan 56 ta soxta sertifikatni topshirgani aniqlandi

Davlat test markazi OTMlarga kirish uchun onlayn topshirilgan arizalar orasida chet tilidan 56 ta soxta sertifikat mavjudligini aniqladi. Tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi. 28,1 mingta sertifikat esa tasdiqlandi, yana 955 tasi talabga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.

IIV Andijondan prezidentga murojaat yo‘llagan qizchaning shikoyatiga munosabat bildirdi

Andijonda qizcha 5 nafar qarindoshi, jumladan, ota-onasi qamab qo‘yilganini aytib, prezidentga videomurojaat yo‘lladi. IIV qizchaning qarindoshlari tuman hokimi o‘rinbosari va bank rahbarini haqoratlab, kuch ishlatgani, 738 mln so‘m kreditni to‘lamagani, qizcha esa qarindoshlari qaramog‘ida ekanini ma’lum qildi.

Yagona maktab formasini sotib olish shartligi bo‘yicha prokuratura tilxat yozdirmagan — Bosh prokuratura

Bosh prokuratura Chilonzor tumanidagi maktabda yagona forma xarid qilish uchun prokuratura xodimlari tilxat yozdirib olgani haqidagi xabarni rad etdi. O‘rganish natijasida bu maktab direktorining shaxsiy tashabbusi ekanligi, biroq jarayonga yolg‘ondan prokuratura aralashtirilgani aniqlandi.

«Rejalar amalga oshishiga menda hech qanday shubha yo‘q». YeXHT Oliy komissari O‘zbekistondagi islohotlar haqida

Shavkat Mirziyoyev YeXHTning Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdurahmonov bilan Markaziy Osiyo ta’lim dasturi doirasidagi loyihalarni muhokama qildi. «Mamlakat rahbariyati tomonidan belgilangan barcha rejalar amalga oshishiga menda hech qanday shubha yo‘q», — dedi YeXHT vakili.

Yil boshidan buyon noqonuniy valyuta savdosi bilan bog‘liq 245 ta holat aniqlandi

Joriy yilning o‘tgan davri ichida chet el valyutasining noqonuniy muomalaga kiritilishi bo‘yicha 245 ta holat aniqlanib, ularning oldi olindi. Natijada 433,2 ming dollar, 1,1 mln rubl, 702,2 ming tenge va 1,2 mlrd so‘m mablag‘lar musodara qilindi.

Yil boshidan beri xodimlarga 82,5 trln so‘m ish haqi hisoblangan — Soliq qo‘mitasi

Davlat Soliq qo‘mitasi shu yilning birinchi yarmida 5,4 mln kishiga jami 82,5 trln so‘m ish haqi hisoblanganini ma’lum qildi. O‘rtacha oylik maosh miqdori — 2,8 mln so‘mni tashkil etmoqda. Eng ko‘p ish haqi Toshkent va Navoiyda, eng kami esa Farg‘ona va Sirdaryoda to‘lab berilgan.

«Davr bank» tizimidan 15 mlrd so‘m o‘g‘rilandi

Fuqaro «Davr bank» tizimiga noqonuniy ulanib, 15 mlrd so‘mni do‘stining kartalariga o‘tkazgan, so‘ngra pul jinoiy guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlangani aytilmoqda. 11 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida jalb etilgan, ikki nafari qidiruvda.