13−27 avgust kunlari dunyoning 12 ta davlati hududida «ArMI-2022» Xalqaro armiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 20 ta yo‘nalish bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etadi, 34 ta yo‘nalishni qamrab olgan musobaqalarda dunyoning 37 ta davlatdan 275 ta jamoa qatnashadi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari Otabek Yuldashev.

Bu yil ilk bor O‘zbekiston hududida besh yo‘nalish bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tadi, so‘nggi ikki yil ichida mamlakatda faqat ikki turdagi musobaqalar o‘tkazilgandi.

Jizzaxdagi «Forish» poligonida «Dala oshxonasi» va «Qurolsoz usta» musobaqalari, Samarqanddagi «Sazagan» poligonida «Xavfsiz muhit», Sharqiy harbiy okrugda «Yo‘l patruli» va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida «Sodiq do‘st» musobaqasi o‘tkaziladi.

Rossiya hududida «Elbrus halqasi», «Avtozirxli tank-texnika ustasi», «Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi», «Tank biatloni», «Harbiy-tibbiy estafeta», «Harbiy ralli», «Muhandis formulasi» musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

Mo‘g‘ulistonda «Otliq marafon», Belarusda «Ishonchli qabul» va «Qutb yulduzi», Qozog‘istonda «Armiya taktik o‘qchisi» va «Meridian», Venesuyelada «Merganlik marrasi», Jazoirda «Desant vzvodi» hamda Eronda «Professional mergan» yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi «ArMI-2021» Xalqaro armiya o‘yinlarida 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallagandi.

Bu yil Xalqaro armiya o‘yinlari sakkizinchi marta o‘tkaziladi. Musobaqa Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etiladi.