30 iyul kuni taxminan soat 15:30 lar atrofida Toshkent shahri Olmazor tumani Farobiy ko‘chasida sodir bo‘lgan YTH natijasida voyaga yetmagan piyoda halok bo‘ldi.

Poytaxt IIBB matbuot xizmatining 2 avgust kuni xabar berishicha, Matiz (Qashqadaryo viloyatida ro‘yxatga olingan) haydovchisi 2001 yilda tug‘ilgan A.Sh. yo‘lning qarama-qarshi qismiga chiqib ketishi natijasida 14-sonli oilaviy poliklinika qarshisida yo‘lni kesib o‘tayotgan ikki piyodani (1988 va 2017 y.t.) urib yuborgan.

Piyodalar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi shifoxonasiga yetkazilgan. Shifokorlarning urinishlariga qaramay, voyaga yetmagan piyoda vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchi hibsga olingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.