1 avgust kuni Yaponiya hukumati iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga beg‘araz yordam ko‘rsatish dasturi doirasida O‘zbekistonga kompyuter tomografiyasi uchun uchta skaner va ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan ko‘chma tibbiy-diagnostika konteynerini topshirdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Uskunalarni topshirish marosimida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama, mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi a’zosi Keydzi Furuya va boshqalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston va Yaponiya 2020 yil iyun oyida dunyo yangi koronavirus infeksiyasi inqiroziga duch kelgan bir paytda 500 mln iyen (taxminan 4,6 mln dollar)lik bepul yordam ko‘rsatish bo‘yicha almashuv notalarini imzolagandi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad — yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish, mamlakatda sog‘liqni saqlash va tibbiyot tizimini mustahkamlashdan iborat.

SANSEI mobil tibbiy konteyneri eng ilg‘or tibbiy muolajalarni amalga oshirish imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlangan. Xususan, bular kompyuter tomografiyasi, ultratovushli diagnostika asboblari va rentgen apparatidir, deya ma’lum qildi SSV matbuot xizmati.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga (RSHTYOIM) topshirilgan konteyner chekka hududlar aholisiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, operativ joylashtirish imkoniyati tufayli undan tabiiy ofatlar vaqtida ham foydalanish mumkin.

Uch dona Aquilion Prime SP 160 KT kompyuter tomografiyasi skaneri RSHTYOIM, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasiga topshirildi.

Mazkur oyiha doirasida mamlakat Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) orqali O‘zbekistonga koronavirusga qarshi dori-darmonlar va mamlakat tibbiyot muassasalari uchun yuqori texnologiyali rentgen apparatlarini yetkazib bergandi.