Abituriyentlar uchun OTMlarga kirish imtihonini 8 avgustdan boshlash rejalashtirilmoqda. Davlat test markazi vakillari seshanba kungi matbuot anjumanida tegishli taklif loyiha shaklida tegishli tashkilotga kiritilganini ma’lum qildi.

Imtihonlar 10 kundan 13 kungacha davom etishi mumkin. Imtihon o‘tkazish vaqtlari o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, birinchi smena soat 7:00 dan 10:00 gacha, ikkinchi smenani 19:00 dan 22:00 gacha o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2022 yilda OTMlarga kirish uchun hujjat topshirgan jami 1,2 mln nafar abituriyentlardan eng ko‘pi Milliy universitetga hujjat topshirgani aytildi.

Abituriyentlar tomonidan eng ko‘p tanlangan OTMlar:

  • O‘zbekiston milliy universitetiga — 41 577 nafar (3,4%)
  • Toshkent davlat pedagogika universitetiga — 40 523 nafar (3,3)
  • Namangan davlat universitetiga — 37 267 nafar (3%)
  • Urganch davlat universitetiga — 37 091 nafar (3%)
  • Jizzax davlat pedagogika institutiga — 35 706 nafar (2,9%) abituriyent hujjat topshirgan.

Test sinovlarini o‘tkazish uchun 58 ta (2021 yilda 53 ta) bino, stadion va xiyobon tayyorlanmoqda. Bunda 1 smenada 1 614 ta guruhda 48 420 nafar, 1 kunda (2 smenada) esa 3 228 ta guruhda 96 840 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etadi. Test sinovlarining ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlash uchun kuzatuvchilikka xalq ta’limi va oliy ta’lim muassasalarining 3 500 nafarga yaqin rahbar va pedagog kadrlari guruh nazoratchilari sifatida jalb etiladi.