29 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-335-son] qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Moliya vazirligi ikki hafta muddatda 2022 yilda qishloq xo‘jaligi texnikalarini kredit yoki lizing shartlari asosida xarid qilish uchun tijorat banklariga 10 yil muddatga 7 foiz stavkada 100 mln AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi milliy valyutadagi mablag‘larni depozitga joylashtiradi.

Shu o‘rinda tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan resurslar hisobidan qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridorlariga kreditlarni (lizingni) 2 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda 10 yilgacha bo‘lgan muddatga 10 foiz stavkada milliy valyutada taqdim etadi.

Bundan tashqari, har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan istalgan xo‘jalik subyektlaridan hech qanday cheklovlarsiz, raqobat asosida qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

«O‘zavtosanoat» AJga joriy yil 1 sentabrga qadar respublikada faoliyat yuritayotgan «CLAAS», «John Deere», «Case» kompaniyalari bilan hamkorlikda kooperatsiya asosida hududlarda 14 ta zamonaviy servis markazlari va 100 ta mobil brigadalarni tashkil qilish hamda zarur asbob-uskuna, butlovchi va ehtiyot qismlar bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi. Bu «Samarqand Avtomobil zavodi» MCHJ, «UzautoTrailer» MCHJ, «Uz Truck and Bus Motors» MCHJ kabi mahalliy avtomobilsozlik korxonalarining dilerlik markazlari bilan amalga oshiriladi.

Bunda, mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilarining birinchi navbatdagi vazifasi texnik va ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish markazlarini tashkil qilish hisoblanadi. Ular sotilayotgan avtotransport vositalari va qishloq xo‘jaligi texnikasiga kafolat muddatida, kafolat muddatidan keyingi xizmat ko‘rsatish, ichki bozorni uskunalar, ixtisoslashtirilgan instrumentlar, jihozlar bilan ta’minlash hamda sotish uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berishni o‘z ichiga olgan zarur darajada sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.

1 sentabrga qadar qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanuvchilarning malakasini oshirish maqsadida dilerlik markazlari negizida 14 ta malaka oshirish markazlarini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

1 sentabrdan boshlab osma va tirkama texnikalarni yig‘uv usulida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

2023−2024 yillarda klasterdagi mavjud ishlab chiqarish uskunalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Klaster quvvatlarida chorvachilik, bog‘dorchilik va sabzavotchilik sohalarida talab yuqori bo‘lgan yangi osma va tirkama texnikalarni ishlab chiqarish tashkil etiladi.

15 dekabrga qadar «yagona darcha» tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish, xaridni moliyalashtirish, subsidiyalardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, servis xizmatlaridan foydalanish hamda ehtiyot qismlarni xarid qilish imkoniyatini beruvchi raqamlashtirilgan yagona axborot portalini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Unda «yagona oyna» tamoyili asosida asbob-uskunalar sotib olish, kreditlarni ro‘yxatga olish va unga lizing berish, ro‘yxatdan o‘tkazish, texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlarni sotib olish mumkin bo‘ladi.

«Gazeta.uz» noyabr oyida Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi, Agregat zavodi, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi, «Texnolog», «Texnolog-Stan», «Agrosanoatmashinvest» va boshqalar Chirchiqqa qishloq xo‘jaligi texnikasi klasteri hamda Toshkent traktor zavodi korxonasini tashkil etish uchun ko‘chirilishi haqida yozgandi. Loyiha qiymati 500 mlrd so‘mlik va yillik ishlab chiqarish hajmi 15 ming dona uskunani tashkil etuvchi klaster 2023 yilning yanvar oyida ishga tushirilishi lozim.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov hukumatdan imtiyozli va direktiv kreditlar hajmini kamaytirishni so‘ragandi. MB imtiyozli kreditlash amaliyotining makroiqtisodiy samaradorligi pastligi va ushbu amaliyot samarali pul-kredit siyosati uchun jiddiy muammolardan biri ekanligini qayd etgandi. MB raisi ilgari imtiyozli kreditlar ma’lum bir stavkada belgilangani, hozir esa 14 foizdan past belgilanmayotganini ta’kidlagandi.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov kreditlar talon-toroj qilinishiga kadrlar almashinuvi bilan barham berib bo‘lmasligini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish kerak.