28 iyul kuni Chennay shahrida (Hindiston) «millatlar turniri» deb ataladigan 44-shaxmat olimpiadasi boshlandi. Siyosiy voqealar fonida Rossiya va Belarus jamoalari turnirga qo‘yilmadi, Xitoy termasi esa mamlakatdagi koronavirus cheklovlari tufayli Hindistonga bormadi.

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasidan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yakubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov va Shamsiddin Vohidov, ayollar terma jamoasidan Nilufar Yakubboyeva, Umida Omonova, Maftuna Bobomurodova, Afruza Hamdamova va Marjona Malikovalar ishtirok etmoqda.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

Ayollar terma jamoasi vakillari dastlabki to‘rt turda Gana (4:0), Zambiya (3:1) va Dominikan Respublikasi (3:1) jamoalari ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, AQShlik raqiblarga imkoniyatni boy berib qo‘ydi (1:3). Shaxmat federatsiyasi bilan ziddiyatdan so‘ng AQSh terma jamoasida o‘ynay boshlagan o‘zbekistonlik grossmeyster Gulruhbegim Toxirjonova hamyurtlariga qarshi dona surishdan bosh tortdi.

Ayni vaqtda ayollar terma jamoasi 164 jamoa ichida 6 ochko bilan 33-o‘rinda bormoqda. Turnir jadvalini 8 ochkodan to‘plagan Ozarbayjon, Polsha va Ukraina terma jamoalari boshqarib bormoqda.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

Erkaklar terma jamoasi esa to‘rt tur davomida Nepal (4:0), Farer orollari (4:0) va Sloveniyani (3:1) mag‘lub etdi, shuningdek, turnirning asosiy favoriti — AQSh (2:2) bilan durang o‘ynadi.

Qayd etish joizki, Amerika jamoasi tarkibidagi 30 yoshli Fabiano Karuana (jahon shaxmat reytingida 7-o‘rin), 39 yoshli Levon Aronyan (5), 28 yoshli Uesli So (6) va 30 yoshli Sem Shenklend (26)dan iborat shaxmatchilar o‘zbekistonlik 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov (50), 20 yoshli Nodirbek Yakubboyev (167), 16 yoshli Javohir Sindarov (153) va 27 yoshli Jahongir Vohidov (369) ishtirok etgan olimpiadaning eng yosh jamoalaridan biriga qarshi bahsda qiyinchilik bilan mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi.

Abdusattorov Karuanani qora donalarda mag‘lub etdi, Yakkuboyev Aronyan bilan durang o‘ynadi, Uesli So Sindarovni mag‘lub etdi. Vohidov 51-yurishda g‘alabaga yaqin edi, biroq u qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va natijada Shenklend durangga erisha oldi.

Navbatdagi o‘yin kuni yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 188 ta jamoa orasida 7 ochko bilan 9-o‘rinni egallab turibdi.

Beshinchi turda erkaklar terma jamoasi Slovakiya, ayollar terma jamoasi Vetnam bilan bahs olib boradi.

Uchrashuvlar translyatsiyasini Chess24 va Chess.com YouTube kanallari orqali kuzatib borishingiz mumkin.