O‘zbekistonda avgust oyining boshlarida — yoz mavsumining eng issiq davri «chilla» tugaydi. O‘zgidromet matbuot xizmati yozning so‘nggi oyida ob-havo qanday bo‘lishiga oid tahlillarni e’lon qildi.

Iqlimiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda avgust oyi iyul oyiga nisbatan 1,5−2,5 darajaga salqinroq bo‘ladi. Hududning aksariyat qismida avgust oyi haroratining eng yuqori cho‘qqi qiymatlari iyul oyi maksimumlaridan past bo‘ladi.

Toshkentda iyul oyidagi eng yuqori havo harorati +44,6 daraja (bunday harorat 1997 yilda qayd etilgan), avgust oyida esa +43,1 daraja (1944 yilda)ni tashkil etadi. Respublikaning chekka janubida, Termizda iyul oyida eng yuqori harorat +48,6 daraja (1914 yilda), avgust oyida esa +46,3 daraja (1947 yilda) bo‘lgan.

Markaziy hududlarda +42…+43 darajagacha, janubda +45…+46 darajagacha bo‘lgan juda yuqori harorat qiymatlari har yili ham kuzatilmaydi. Avgust oyida juda ham tez-tez 1−3 kun +39…+41o gacha, janubda +42…+43 darajagacha bo‘lgan harorat kuzatiladi.

«Avgust — O‘zbekistonda eng quruq oy deb hisoblanadi. Avgust oyida yomg‘ir juda kam — hududning aksariyat qismida o‘rtacha 1 kundan 3 kungacha biroz yog‘adi. Biroq, ushbu quruq oy davomida ayrim joylarda sezilarli jadallikdagi jala yomg‘irlar kuzatilishi istisnodan holi emas», — deyiladi O‘zgidromet xabarida.

Shunday qilib, 2020 yil 26 avgustda O‘zbekistonning markaziy hududlarida yog‘ingarchilik miqdori 10−34 mm bo‘lgan kuchli jala yomg‘irlar yog‘ib o‘tgan. Shu kuni Toshkentda yog‘ingarchilik 17 mm bo‘ldi — bu avgust oyidagi kecha-kunduzlik yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha absolyut rekorddir.

Bu yil avgust nisbatan qulay harorat qiymatlari bilan boshlanadi. Oyning birinchi besh kunligida kunduzgi havo harorati +33…+38 daraja atrofida bo‘ladi. Xuddi shuday harorat foni oyning oxirigacha ustunlik qiladi. Lekin shu bilan birga markaziy hududlarda harorat qisqa muddatli davrga +40…+41 daraja gacha, janubda va cho‘l zonasida +41…+42 darajagacha ko‘tarilish (1−2 kun) ehtimoli bor.

Avgust oyining ayrim kunlarida respublika bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.