O‘zbekiston va Ozarbayjon umumiy qiymati 500 mln dollardan ortiq bo‘lgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya fondini tashkil etish niyatida. Bu haqda 1 avgust kuni hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishida so‘z bordi.

“Biz bir hafta muddatda fondni tezroq tashkil etishga qaratilgan qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib oldik”, — dedi komissiya hamraisi, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev.

Uning eslatishicha, iyun oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida tomonlar neft-gaz, kimyo va to‘qimachilik sanoati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 500 mln dollardan ortiq bo‘lgan salmoqli hujjatlar paketini imzolagan edi.

“Endi ularning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash zarur”, — dedi Jamshid Xodjayev.

Komissiya hamraisi, Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov ham ikki davlat o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish kerak, deb hisoblaydi.

“Shu jihatdan qo‘shma investitsiya fondini yaratish hamda uning faoliyat yuritishi har ikki davlat investorlariga yordam bera oladigan va yordam berishi kerak bo‘lgan yaxshi vosita bo‘lishi mumkin”, — dedi u.

Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligi rahbari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari orasida energetika sohasini alohida qayd etdi. U iyul oyi boshida “O‘zbekneftgaz” va Ozarbayjon neft kompaniyasi SOCAR o‘rtasida ikki mamlakatdagi neft konlarini birgalikda o‘zlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va raqamlashtirish loyihalari bo‘yicha hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolanganini eslatdi.