Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) energetika kompaniyasi O‘zbekistonga 2021 yilda yetkazib berilgan elektr energiyasi to‘lovni amalga oshirgan, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Hozirda 2022 yetkazib berish uchun to‘lovlar amalga oshirilmoqda.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Afg‘onistonga 2151,3 mln kVt/soat energiya yetkazib berilgan. Joriy yilda O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish hajmi 2,21 mlrd kVt/soat etib belgilangan bo‘lib, shundan 770,2 mln kVt/soat yetkazib berilgan.

«Joriy yilda O‘zbekistondan yetkazib beriladigan elektr energiyasi uchun to‘lovlar Da Afghanistan Breshna Sherkat kompaniyasi tomonidan tizimli ravishda amalga oshirilmoqda», — deya ta’kidladi Energetika vazirligi. 14 apreldan boshlab Afg‘oniston yozgi mavsum uchun Tojikiston energetika tizimiga ulangan.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Afg‘onistonning TOLO News telekanali mamlakat Energetika va suv resurslari vazirligiga tayanib, Afg‘oniston muvaqqat hukumati O‘zbekiston va Tojikistondan elektr energiyasi uchun 100 mln dollardan ortiq qarzdorligi haqida xabar bergan edi. O‘shanda O‘zbekiston Energetika vazirligi ham DABS o‘tgan yil uchun elektr energiyasi uchun qarzini to‘liq to‘laganini ma’lum qilgan.